O‘zbekiston | 18:14 / 04.08.2023
2338
2 daqiqa o‘qiladi

Hamshiralar akademiyasida Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti fakulteti ochiladi

Fakultetda oliy malakali hamshiralar 4 yillik ta’lim dasturi bo‘yicha tayyorlanib, qabul uchun test sinovlari turkiyalik mutaxassislar tomonidan olinadi.

Toshkent shahri, Jamoat salomatligi texnikumi negizidagi Hamshiralar akademiyasida Turkiya Sog‘liq bilimlari universitetining Hamshiralik ishi fakulteti ochiladi. Bu haqda Turkiya prezidenti qarori qabul qilindi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.  

Fakultetda oliy malakali hamshiralar 4 yillik ta’lim dasturi bo‘yicha tayyorlanib, qabul uchun test sinovlari turkiyalik mutaxassislar tomonidan olinadi. Fakultetda ta’lim olgan talabalar «Hamshiralik ishi» yo‘nalishida bakalavriatdan keyin magistratura, aspirantura va doktorantura bosqichida o‘qishi mumkin.

O‘quv mashg‘ulotlari turkiyalik yuqori malakali o‘qituvchi va professorlar tomonidan olib boriladi. Qolaversa, talabalarni tibbiyot sohasidagi ilg‘or tajribalar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ularning Turkiya klinikalariga stajirovkasi ham tashkil etiladi.

1903 yilda asos solingan Sog‘liq bilimlari universiteti Turkiyadagi yagona ixtisoslashgan tibbiyot universiteti, shuningdek, Yevropaning yetakchi ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. U qator xalqaro reytinglarda yuqori pog‘onalarda qayd etilgan.  

2019 yilda O‘zbekiston va Turkiya sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida tuzilgan anglashuv memorandumiga asosan Buxoro davlat tibbiyot instituti negizida Sog‘liq bilimlari universitetining tibbiyot fakulteti va Malakali tibbiy xizmatlar oliy maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid