Jahon | 16:48 / 01.09.2023
14268
6 daqiqa o‘qiladi

Donetsk yana o‘qqa tutildi, Zaporijjyada evakuatsiya. Urush suratlari

Ukrainada urushning 554-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat qurolli kuchlari Ukrainada ishlab chiqarilgan uzoq radiusli qurollar bilan 700 kilometr masofadagi nishonlar yo‘q qilinganini aytdi. U katta ehtimol bilan Pskov aeroportiga qilingan hujumni nazarda tutgan.
  • «Vagner» XHK komandiri Dmitriy Utkin Mitishchidagi «Vatan himoyachilari panteoni» qabristoniga dafn etildi.
  • Bryansk ustida dron ovlovchi miltiq va «maxsus karabin» bilan uchta dron urib tushirildi, deb xabar bergan gubernator.
  • Zelenskiy agar navbatdagi saylovlar urush davriga to‘g‘ri kelsa, ikkinchi muddat uchun ham nomzodini qo‘yishini bildirdi.
  • FSB Bryansk oblastida ikki nafar «ukrain diversantlari» o‘ldirilgani va yana besh kishi qo‘lga olingani haqida xabar berdi.
  • «Rus ko‘ngillilar korpusi» Kursk oblastidagi harbiy aerodromga 27 avgustga o‘tar kechasi uyushtirilgan hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.
  • Moskva oblastidagi Voskresensk rayonida dron urib tushirildi. Moskva aeroportlaridagi parvozlar tufayli yuzdan ortiq reyslar kechiktirildi.
  • Dronlar hujumi tufayli yopib qo‘yilgan Pskov aeroporti faoliyati tiklandi.

Kun kadri. Zaporijjya oblastidan bolalarni evakuatsiya qilish jarayoni

Avgust oyi oxirida Ukraina hukumati Zaporijjya oblastidagi beshta aholi yashash manzilidan bolalar majburan evakuatsiya qilinishini ma’lum qildi. Bu Ukraina qurolli kuchlarining ushbu hududdagi qarshi hujumi hal qiluvchi bosqichga kirgani haqidagi xabarlar fonida bo‘lmoqda. «Gromadske» nashriga ko‘ra, muntazam ravishda Rossiya harbiylari tomonidan o‘qqa tutib kelinayotgan Gulyaypole shahri, shahar tipidagi Stepnogorsk posyolkasi, shuningdek Preobrajyenka, Yegorovka va Novopavlovka qishloqlaridan 54 nafar bola va ularga hamrohlik qiladigan 67 nafar katta yoshli kishini evakuatsiya qilish rejalashtirilgan.

Politsiya xodimlari front chizig‘i yaqinidagi Stepnogorskdan evakuatsiya chog‘ida bolalarga zirhli nimcha kiydirmoqda
Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina QKning Zaporijjya oblastidagi yurishi

Ukraina qurolli kuchlarining mamlakat janubidagi qarshi hujumi boshlanganiga qariyb uch oy bo‘lmoqda, ammo faqat avgust oyi o‘rtalariga kelib hal qiluvchi bosqich boshlandi. Agar avval ukrain qo‘shini nisbatan kichik kuchlar bilan Dnipro sohillaridan Baxmutga qadar bo‘lgan turli yo‘nalishlarda hujum qilgan bo‘lsa, endi qo‘mondonlik ikki asosiy uchastkani belgilab olgan. Ukraina qurolli kuchlari asosiy zarbani Zaporijjya oblastida, Orixivdan janubda Tokmak shahri yo‘nalishida bermoqda, muvaffaqiyatga erishilgan holda Melitopolga qadar yetib borish mumkin.

Ukrainlarning harbiy samolyoti front chizig‘i yaqinida
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrainaning «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimi Zaporijjya oblastidagi yo‘lda
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrainalik harbiylar o‘z pozitsiyalari atrofida chiqqan kichik yong‘inni o‘chirmoqda
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA

Baxmut atrofidagi ukrain jangchilar 

Ukrainalik askar Baxmut yaqinidagi oldingi chiziqda binokldan atrofni kuzatmoqda
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Ukrainalik askarlar yarador quroldoshiga yordam ko‘rsatmoqda
Libkos / AP / Scanpix / LETA
Baxmut atrofidagi yarador ukrain askari
Libkos / AP / Scanpix / LETA

Donetsk o‘qqa tutilishi

 

31 avgust kuni Ukraina qurolli kuchlari Donetskning Kirov rayonini o‘qqa tutdi, bu haqda shaharning Rossiya tomonidan tayinlangan meri Aleksey Kulemzin o‘z telegram-kanalida ma’lum qildi. Rossiyadagi propaganda nashrlaridan biri «Izvestiya» ma’lumotiga ko‘ra, snaryadlar portlashi oqibatida avtomobil garaji yonib ketgan, atrofdagi turar joy binolari shikastlangan. Kulemzinning ma’lumotiga ko‘ra, hujum vaqtida tinch aholi vakillaridan bir necha kishi jabrlangan, ularning soniga aniqlik kiritilmoqda. Shaharning Kreml ta’siridagi ma’muriyati Kirov rayoniga yettita snaryad kelib tushgani, Ukraina harbiylari go‘yoki kassetali o‘q-dorilar qo‘llagani haqida ma’lum qilgan.

Rossiya FVV xodimlari Donetskning g‘arbiy chekkasidagi Lidiyevka posyolkasida
Lidiyevkada yashovchi kishi hujum oqibatida chiqqan yong‘inni qo‘lda o‘chirishga urinmoqda
Donetskda snaryadlar kelib tushgan hudud aholisi vakillari

Pskov aeroportida yonib ketgan Il-76 samolyotlari

Fuqarolik reyslarini ham, harbiy samolyotlarni ham qabul qiladigan Pskov aeroporti 30 avgustga o‘tar kechasi dronlar hujumiga uchragandi. Aeroportda RF armiyasi 76-desant-shturm diviziyasi uchuvchilarining Il-76 samolyotlari joylashtirilgan. Pskov diviziyasi Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga bosqinining dastlabki bosqichida, jumladan, Kiyev oblastining Bucha shahrini okkupatsiya qilishda ishtirok etgan.

Pskov oblastidagi Krest aviabazasining sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasviri. Unda ukrainlar droni zarbasi oqibatida kamida ikkita Il-76 rusumli harbiy transport samolyotlari shikastlanganini ko‘rish mumkin
Umbra Lab, Inc. / Reuters / Scanpix / LETA
Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid