Jahon | 14:25 / 12.12.2023
5026
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha KS YeI sudining jarimalar bo‘yicha qarorini noqonuniy deb topdi

Varshavadagi konstitutsiyaviy sud Yevropa Ittifoqi sudi qarori «Polsha konstitutsiyasiga zid keladi», deb qaror qildi.

Foto: Czarek Sokolowski/AP

Polsha konstitutsiyaviy sudi (KS) Yevropa Ittifoqi sudining mamlakat hukumatini munozarali sud-huquq islohoti va jigarrang ko‘mir qazib olishda ekologik standartlarga rioya qilmaslik munosabati bilan har kuni jarima to‘lash majburiyatini yuklagan qarorini noqonuniy deb topdi. 11 dekabr, dushanba kuni konstitutsiyaviy sud qaroriga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi sudining qarori «Polsha konstitutsiyasiga ziddir».

Polsha konstitutsiyaviy sudi hukmron konservativ «Qonun va adolat» partiyasi tomonidan nazorat qilinadi, u yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, hokimiyatda qolmoqda. 11 dekabr kuni Polsha Seymida Polsha sobiq bosh vaziri Mateush Moravetskiy boshchiligidagi hukumatga ishonch masalasi bo‘yicha ovoz berildi. Bosh vazirga ishonchsizlik bildirilib, Donald Tusk boshchiligidagi muxolifat yangi hukumatni shakllantirishni boshlaydigan bo‘ldi.

Polshada sud islohoti

2021 yil oktyabr oyida Yevropa Ittifoqining Lyuksemburgdagi sudi Polshaga har kuni 1 million yevro miqdorida jarima to‘lash majburiyatini yukladi. Bunga Varshavaning Polsha sud tizimini isloh qilish bo‘yicha YeI sudlari qarorlarini bajarishdan bosh tortgani sabab bo‘lgan. Jarima «Yevropa Ittifoqining huquqiy tartibiga, shuningdek, ittifoq asos solgan qadriyatlarga jiddiy va tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazmaslik» zarurati bilan izohladi. Jumladan, 2018 yilda Polshada «Qonun va adolat» partiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan Oliy sud intizomiy kollegiyasi faoliyatini tugatish zarurligi muhokama qilindi. Islohot amalda hukumatga sudyalarni tayinlash va lavozimidan ozod etish vakolatini berdi.

2022 yil iyun oyida Polsha prezidenti Anjyey Duda sud-huquq islohoti to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarni imzoladi, unga ko‘ra Oliy sudning intizomiy palatasi tugatildi. Biroq uning o‘rniga boshqa organ – Kasbiy mas’uliyat palatasi tashkil etildi, uning 11 nafar a’zosi prezident tomonidan tayinlanadi. Polshaning hukmron partiyasi tanqidchilari islohotni yuzaki deb hisoblashdi.

Bundan tashqari, 2021 yil sentabr oyida YeI sudi qaror qabul qildi, unga ko‘ra Polsha Chexiya va Germaniyaning Saksoniya federal yeri yaqinidagi «Turov» karerida ko‘mir qazib olishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sud qarorini bajarmagan har bir kun uchun Yevropa Ittifoqiga 500 ming yevro to‘lashi kerak.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid