Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
Iqtisodiyotdagi yuqori talab dinamikasi ta’sirida shakllanayotgan kutilmalar inobatga olinib, asosiy stavka darajasi o‘zgarishsiz qoldirildi. Prognozlarga ko‘ra, inflatsiya yil yakunida 8-9 foizni tashkil etadi.
Markaziy bank boshqaruvining 2024 yil 25 yanvardagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
«Shakllantirilayotgan pul-kredit sharoitlari inflatsiyani 5 foizlik target darajasigacha barqaror pasayish trayektoriyasini ta’minlashga qaratilgan.
Umumiy inflatsiya so‘nggi oylarda 8,8 foiz darajasida saqlanib qoldi. Iste’mol savatidagi tovarlar guruhida inflatsiyaning pasayishiga qaramasdan, xizmatlar inflatsiyasi oxirgi chorakda biroz tezlashdi. Bu esa, kelgusida talab tomonidan umumiy inflatsiyaga oshiruvchi bosimlarning kuchayish ehtimoli mavjudligini ko‘rsatadi. Umuman olganda, iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning yuzaga kelishi va saqlanib qolayotgani, yuqori talab sharoitlariga ayrim taklif komponentlarining to‘liq moslasha olmayotgani bilan izohlanadi», deyiladi Markaziy bank rasmiy relizida.
2023 yilda iqtisodiy o‘sishning 6 foizgacha tezlashishida, asosiy kapitalga investitsiyalar hajmining yuqori sur’atda o‘sishi muhim ahamiyat kasb etdi. Iqtisodiyotga ajratilgan kreditlarning ijobiy dinamikasi, fiskal rag‘batlantirishlarning yuqori bo‘lgani va pul o‘tkazmalari iqtisodiy o‘sish sur’atlarini qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘lgan.
Jahon iqtisodiyotidagi qat’iy moliyaviy sharoitlar, mehnat bozorlarining muvozanatlashishi va xomashyo tovarlari narxlarining pasayuvchi dinamikasi ta’sirida global inflatsiyaning joriy yilda ham sekishlashishda davom etishi kutilmoqda.
Savdo hamkorlardagi joriy iqtisodiy tendensiyalar va kutilmalarni inobatga olib, kelgusi oylarda so‘mning real almashuv kursiga nisbatan yuqori bosimlar kuzatilmasligi taxmin qilinmoqda.
Bank tizimida likvidlikdagi tarkibiy profitsitning qisqarib borishi bilan bir qatorda, pul bozorida operatsiyalarning faollashuvi kuzatilmoqda. Pul bozoridagi qisqa muddatli foiz stavkalarining joriy yil davomida ham monetar operatsiyalarni faol qo‘llagan holda foiz koridori doirasida shakllanishi uchun sharoit yaratib boriladi.
Milliy valutadagi depozitlar bo‘yicha yuqori ijobiy real foiz stavkalari sharoitida bank depozitlari hajmining o‘suvchi dinamikasi saqlanib qolishi kutilmoqda.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, asosiy ssenariy bo‘yicha 2024 yilda umumiy inflatsiya 8-9 foiz, bazaviy inflatsiya darajasi esa 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Joriy yilda makroiqtisodiy rivojlanishning qaysi ssenariy shartlari asosida kechishi tashqi iqtisodiy omillar bilan birga maqroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashning ichki omillari, ya’ni tarkibiy islohotlar sur’atlari, fiskal intizom va pul-kredit siyosati ta’sirchanligiga bog‘liq bo‘ladi.
Ayni paytda, ayrim tartibga solinadigan narxlarda kutilayotgan o‘zgarishlar, aksiz va qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar hisobiga keyingi oylarda ichki narxlarga bir martalik ta’sir ehtimollarini pasaytirish choralari ko‘rilmoqda.
Asosiy tashqi xatarlar, global fragmentatsiyaning kuchayishi va yuqori global inflyatsion jarayonlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 5,5-6 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari bir tomondan, iste’mol talabi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, tarkibiy islohotlar ta’sirida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar hajmining oshishi bo‘ladi.
Markaziy bank asosiy stavka bo‘yicha kelgusi qarorlarini umumiy inflatsiyaning yangilangan prognozlaridan kelib chiqib qabul qiladi va inflatsiyaning 5 foizlik target ko‘rsatkichiga erishish uchun zarur pul-kredit sharoitlarini ta’minlab boradi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024 yil 14 martga belgilangan.
Mavzuga oid
19:16 / 12.12.2024
“Eski namunadagi 100 dollarlik kupyuralarni ayirboshlashda cheklovlar yo‘q” – Markaziy bank
13:16 / 12.12.2024
Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
17:52 / 11.12.2024
Timur Ishmetov Markaziy Bank raisi etib tayinlandi
14:41 / 11.12.2024