Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shahrisabz aeroporti fuqaro aviatsiyasi parvozlari uchun o‘z faoliyatini tikladi
Shahrisabz mahalliy aeroporti 11 sentabr kuni fuqaro aviatsiyasining parvozlari uchun o‘z faoliyatini tikladi.
Uzbekistan Airports xabariga ko‘ra, Silk Avia aviakompaniyasining Toshkentdan ilk parvozi mahalliy vaqt bilan soat 13:10 da aeroportga borib qo‘ndi. Parvoz vaqti 1 soat 30 daqiqani tashkil etdi.
Samolyot suv arkasi bilan, birinchi yo‘lovchilar esa karnay-surnay sadolari ostida tantanali ravishda kutib olindi. Aeroportga parvozlar deyarli 21 yildan so‘ng qayta yo‘lga qo‘yilgan. Shahrisabz aeroporti 2003 yilning noyabr oyida yopilgan edi.
Shahrisabzdan 5 km janubi-g‘arbda qurilgan mazkur aeroport 1983 yilda ochilgan. 1983-1996 yillarda Toshkent-Shahrisabz yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar yoz oylarida haftasiga 4 marta, kuz-qish mavsumida esa 3 marta amalga oshirilgan, shuningdek, Urganch-Shahrisabz yo‘nalishi bo‘yicha ham samolyotlar haftasiga ikki marta parvoz qilgan. 1993-1995 - yillarda Toshkent – Qarshi – Shahrisabz yo‘nalishida parvozlar amalga oshirilgan. Havo qatnovlari An-2, An-24, Yak-40, RJ-85 rusumli samolyotlarda amalga oshirilgan.
Ayni paytda aeroport fuqaro aviatsiyasi parvozlariga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Uzunligi 1554 m va eni 35 m bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagidan, ikkita samolyot va to‘rtta vertolyot turish joyiga ega aerodrom quyidagi turdagi samolyotlarni sig‘dira oladi: ATR-42, ATR-72, L-410 va barcha turdagi vertolyotlar. Aeroport majmuasi soatiga 100 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.