O‘zbekiston | 12:13 / 04.02.2025
1462
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada O‘zbekiston yoshlari kasbiy ta’limga tayyorlanadi

Flensburg shahrida "Germaniyada mehnat migratsiyasi: mehmonxona va gastronomik biznes xizmatlari" mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Foto: "Dunyo" AA

Flensburg Savdo-sanoat palatasi prezidenti Fransiska Loypelt ushbu shaharda xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish va sanoat sohalarida 6 mingdan ortiq ish o‘rinlari yetishmovchiligi mavjudligi va o‘zbekistonlik yoshlarni ishga jalb qilishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. O‘zbekistondagi Gyote instituti direktori o‘rinbosari Valter Sabiyel esa nemis tilini o‘qitishda Gyote instituti hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.

Davra suhbati doirasida Flensburg Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekistondagi Gyote instituti va O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘rtasida ahdlashuv hujjati imzolandi. 

Hujjatga ko‘ra, endilikda Gyote instituti tomonidan tanlab olingan Toshkent, Buxoro va Xiva shaharlaridagi turizm va mehmonxona menejmenti texnikumlarining A2 til sertifikatiga ega birinchi kurs talabalari joriy yil yoz faslida Flensburgdagi mehmonxona va umumiy ovqatlanish muassasalarida amaliyot o‘taydilar. 

Shuningdek, loyihaning ikkinchi bosqichida mamlakatimiz turizm va mehmonxona menejmenti texnikumlarining V2 til sertifikatiga ega bitiruvchilarini Flensburgdagi mehmonxona va umumiy ovqatlanish muassasalarida ishga jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid