Avval «tozalash», keyin «egallash»: Tramp G‘azodagi tinchlik umidlarini puchga chiqaryapti
Donald Trampning G‘azo sektorini nazoratga olish va falastinliklarni ko‘chirish haqidagi radikal taklifi uning Yaqin Sharqdagi umumiy strategiyasining bir qismi bo‘lishi mumkin. Ammo bu reja Isroil va Hamas o‘rtasidagi nozik sulhni xavf ostiga qo‘yishi va Isroil hamda Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish umidlarini yo‘qqa chiqarishi mumkin.
![](https://storage.kun.uz/source/11/WPaWu2DjO17cm4kfwHidXQo8cvuPbNvG.jpg)
Foto: Reuters
Donald Tramp G‘azo sektorini nazoratga olish va u yerda «Yaqin Sharq Riviyerasi»ni qurish niyatini bildirib, bu rejasini Binyamin Netanyahu bilan qo‘shma matbuot anjumanida e’lon qildi. Biroz avvalroq u 2 million falastinlikni boshqa davlatlarga ko‘chirish va hududni tozalash taklifi bilan chiqqandi.
Yaqin Sharq xaritasini butunlay qaytadan chizish istagini Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Isroil bosh vaziri nostandart fikrlashi uchun Trampni olqishlab, uning g‘oyasi tarixiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. «Menimcha, bu tarixni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan narsa», — dedi Netanyahu.
«Trampning izohlaridagi xavfli jihat — Tramp nima qilishi emas, Netanyahu endi o‘ziga nimalar qilish uchun ruxsat tegayotgani bilishida, — deydi Londondagi Arab-Britaniya o‘zaro anglashuv kengashi direktori Kris Doyl. — Endi yana G‘azoni vayron qilishni boshlashi mumkin. G‘arbiy sohilni anneksiya qilish uchun to‘sqinlik qiluvchi hech narsa yo‘qligini bildi. AQSh G‘azoni egallashi o‘rniga, Isroilning o‘zi bunda yordam beradi».
Netanyahuni qo‘llovchi ultrao‘ng siyosatchilar anchadan buyon G‘azoni qayta ishg‘ol qilib, u yerga yahudiy muhojirlarni ko‘chirish va G‘arbiy sohilni Isroilga qo‘shib olishni talab qilib kelishadi. Ammo bu rejalar shu paytgacha AQSh ma’muriyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagandi.
Donald Tramp G‘azo sektoridan qanday qilib ertakona kurort yasamoqchi ekanini hozircha aytgani yo‘q. Biroq u bu maqsadda Amerika harbiylaridan foydalanish ehtimolini ham istisno qilmadi.
Britaniyadagi RUSI tahlil markazining Yaqin Sharqdagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspertlaridan H.A.Helliyer bu g‘oyani reallikdan yiroq deb baholadi. «Arab dunyosida hech bir davlat falastinliklarni zo‘ravonlik bilan ko‘chirishda sherik bo‘lishni istamaydi», — dedi u.
Fuqarolarni majburiy ko‘chirish xalqaro qonunlarga zid hisoblanadi va inson huquqlari himoyachilari bunday harakatlarni etnik tozalash deb baholashmoqda.
Bundan tashqari, AQSh harbiylarini xorijdagi mojarolarga jalb qilish Trampning saylovoldi va’dalariga ham zid. U avval Amerika armiyasini xalqaro mojarolardan uzoqlashtirishga va’da bergan edi.
AQSh Kongressi a’zosi, kelib chiqishi falastinlik bo‘lgan Rashida Tlayb esa Trampning bu tashabbusini keskin tanqid qildi. «Falastinliklar hech qayerga ketmaydi. Prezident Kongressdan moliyalashtirishni qo‘lga kiritmoqchi bo‘lib, genotsid va etnik tozalashdek mutaasib g‘oyalarni olg‘a surmoqda. Ikki davlatli yechimni qo‘llab-quvvatlovchi hamkasblarim, bu haqda ochiq gapirish vaqti keldi», — dedi u.
Tinchlikparvardan bosqinchilikkacha
«Tramp G‘azo sektori haqida og‘iz ochar ekan, tarix uning uchun ahamiyatga ega emas. O‘tmish jarohatlari, urushlar ketma-ketligi, shu joyga bog‘lanib qolganlik, ajdodlarning uzun izi, tiriklarning haq-huquqi: bularning barchasi vayronalar ostida qolib ketadigandek. Chunki siyosatchiga aylangan developer vayron bo‘lgan Falastin hududlarini faqat qurilish maydoni sifatida ko‘rmoqda. Insonparvarlik nuqtayi nazaridan aholidan ozod qilinishi kerak bo‘lgan ulkan «Snos maydoni» sifatida. G‘azoliklarni esa mintaqaning boshqa hududlariga tarqatib yuborsa bo‘ladi, deb o‘ylaydi», — deb yozgan Le Monde sharhlovchisi.
![](https://storage.kun.uz/source/11/vYAbeCF_JnKaIUteVkhRHHa8VJC9_H8G.jpg)
Trampning stili va yondashuvini hali u Oq uyga qaytmasdan turib ekspertlar tomonidan oldindan taxmin qilib bo‘lmas, xaotik va shaxsiy manfaatlarga asoslangan, deya baholanayotgan edi.
Biroq umumiy to‘xtamga ko‘ra, Yaqin Sharq siyosati masalasida Tramp boshni yelkadan chopmasligi taxmin qilingandi. Hozircha esa uning bayonotlari va keskin harakatlari bu taxminlarni inkor etmoqda.
Tramp allaqachon Iordaniya va Misrni g‘azoliklarni qabul qilishga chaqirgan, lekin evaziga e’tiroz va g‘azabdan boshqa narsa ololganicha yo‘q.
Tramp o‘z inauguratsiya nutqining bir qismini ekspansionizmga va Amerika hududlarini kengaytirish da’volariga bag‘ishladi. Ilon Maskning raketalari Marsga uchish-uchmasligi hozircha aniqmas, lekin muayyan hududi da’volarni Tramp sanab o‘tdi — u Panama kanalini AQSh nazoratiga qaytarish, Grenlandiya va Kanadani qo‘shib olishini ta’kidladi.
Endi esa gap aylanib G‘azo sektorigacha bordi.
Hozircha Trampning gaplari nechog‘lik jiddiy ekani va u o‘z niyatiga qanday qilib yetishi noma’lum.
Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, bunday takliflar — muzokara gambitining bir qismi, ikkinchi tomondan taklif kutayotgan Tramp qo‘lidagi ko‘zir qarta.
Tramp uchun Yaqin Sharqdagi asosiy masala Avraam kelishuvlarini (Isroil bilan BAA, keyinchalik Bahrayn, Marokash va Sudan bilan diplomatik aloqalarni normallashtirish) kengaytirish, Isroil va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni normallashtirish.
Hamas va Isroil o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi e’lon qilingach, Tramp fursat yetgani va Avraam kelishuvlarini rivojlantirish va kengaytirish kerakligini e’lon qildi.
Ammo bu yo‘lda katta to‘siqlar mavjud. Xususan, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ochiqchasiga Falastin davlati tuzilishiga qarshi ekanini bildirgan. Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon esa Falastin muammosi hal qilinmay turib, Isroil bilan aloqalar normallashmasligini ta’kidlamoqda.
«O‘lik tug‘ilgan g‘oya»
«Agar bu chindan ham muzokara jarayonidagi taktika bo‘lsa, u o‘lik tug‘ilgan g‘oya hisoblanadi»,— deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq tadqiqotlari instituti strategik aloqalar bo‘limi rahbari Firas Maqsad.
«G‘azodagi falastinliklarni insonparvarlik nuqtayi nazardidan ommaviy ko‘chirish g‘oyasi – Trampning muzokaralardagi taktikasi, lekin u muvaffaqiyatsizlikka mahkum. Bunday bayonotlar bilan u Yaqin Sharqdagi o‘z asosiy maqsadi — Avraam kelishuvlarini kengaytirishdan uzoqlashmoqda. Saudiya Arabistoni bu borada mutlaqo murosasiz va G‘azo aholisini majburiy ko‘chirishga hech qanaqasiga yo‘l qo‘ymaydi», — deydi Maqsad.
![](https://storage.kun.uz/source/11/iN9VHAasYDB9gli178zpW9j8_blgvjSz.jpg)
AQShning arab ittifoqchilari ham, boshqa arab davlatlari ham bir ovozdan falastinliklarning G‘azodan ko‘chirilishiga qarshi chiqib, xalqaro reja asosida ikki davlat prinsipini saqlab qolish zarurligini ta’kidlashdi.
Tramp avvalgi prezidentligi davrida ham ikki davlat konsepsiyasi haqida aniq pozitsiya bildirmagandi. Ammo hozirgi bayonotlari uning falastin-isroil mojarosi borasida Amerika an’anaviy yechim yondashuvidan uzoqlashayotganini ko‘rsatadi.
Trampning bu g‘oyasi nafaqat mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishi, balki G‘azodagi nozik tinchlik jarayoniga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Qatar vositachiligida kelishilgan tinchlik rejasi uch bosqichdan iborat bo‘lib, qolgan 94 garovga olingan fuqaroni (34 jasad bilan birga) bir necha yuz falastinlik mahbusga almashish, Isroil qo‘shinlarini G‘azoning asosiy hududlaridan olib chiqish va G‘azoni xalqaro hamkorlik asosida tiklashni ko‘zda tutadi.
Biroq, ikkinchi bosqich tafsilotlari hanuz aniq emas. G‘arblik ayrim diplomatlar va tahlilchilar urush qayta avj olishi mumkinligidan xavotirda. Isroil Hamasni to‘liq yo‘q qilishni yakuniy maqsadi deyishdan charchamayapti, holbuki kelishuvning keyingi bosqichiga ko‘ra isroil harbiylari eksklavni to‘liq tark etishi kerak. Netanyahu ham, Isroil mudofaa vaziri ham bunga qarshi.
Qatarda imzolangan kelishuv shartlariga ko‘ra, taraflar tinchlikning ikkinchi bosqichini dastlabki bosqichning 16-kunda muhokama qilishni boshlashi kerak edi. Bu sana 3 fevral — Binyamin Netanyahu Vashingtonga tashrif buyurgan kunga to‘g‘ri keldi.
Ko‘rinib turibdiki, bu voqea sodir bo‘lmaydi.
Tinchlik bo‘ladimi-yo‘qmi o‘zi?
Donald Trampning G‘azo ustidan nazorat o‘rnatish to‘g‘risidagi bayonotidan so‘ng, sulhning kelajagi shubha ostida qolishi mumkin, deyishmoqda ekspertlar.
![](https://storage.kun.uz/source/11/KTY1sKi5z43ngl8gjXimUDAbvEOF2zTL.jpg)
«Aytish joizki, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga sodiqlik yanada kuchli shubha ostiga qo‘yildi. Sulhning ikkinchi bosqichi Isroil qo‘shinlari to‘liq chiqarilishini, uchinchi bosqich esa G‘azoni qayta tiklashni ko‘zda tutadi. Biroq, Trampning bayonotlari shuni anglatadiki, Vashington G‘azo bo‘yicha rejalarda Isroilni himoya qilib kelmoqda. Bu rejalar nafaqat mustaqil Falastin davlati tashkil etilishini nazarda tutmaydi, balki falastinliklarning mintaqaga muqim joylashishiga ham qarshi», — deydi Helliyer.
Yevropa xalqaro munosabatlar kengashining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha katta ilmiy xodimi Hyu Lovattning fikricha, bunday qarama-qarshi bayonotlar mahalliy aholi orasida radikal guruhlar ta’siri kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin.
«Trampning G‘azo haqidagi avantyuristik rejalari amalga oshmaydi. Ammo bu vaziyat mahalliy aholini Hamasni qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirishi mumkin. Chunki, ular amerikaliklarning falastinliklarni etnik tozalashidan qo‘riqlay oladigan yagona kuch sifatida ko‘rilyapti. Bu G‘arbiy sohilga ham tegishli, chunki u yerdagi falastinliklar ham o‘zlarini navbatdagi qurbon sifatida his qilmoqda», — deydi Lovatt.
Mavzuga oid
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/e8hkCoNn1iiwlM9ewOV1KVhVbIVKD1I0_medium.jpeg)
09:38 / 11.02.2025
TSAHAL G‘azo sektori hududida jangovar shay holatga keltirildi
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/ghGeEbG1eVyq8PSTXOp3oB7cGLaHxLvo_medium.jpg)
08:00 / 11.02.2025
Tramp garovga olinganlarni qaytarishdan bosh tortgani uchun Hamasga «jahannam» bilan tahdid qildi
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/yb_y38WAUiK5srxuvZKGUOWzMozWxtFP_medium.jpg)
07:40 / 11.02.2025
Tramp po‘lat va alyuminiy importiga 25 foizlik bojlarni joriy qildi
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/Bs5MDR6IX7hVrLOoghX5jYdUGRdOpZhj_medium.jpeg)
07:21 / 11.02.2025