O‘zbekiston | 14:21 / 21.08.2025
2191
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan muloqoti lingvistik tahlil qilindi

Tahlil natijalariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida nafaqat iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi, balki mamlakat taraqqiyoti yo‘lida tadbirkorni davlatning asosiy hamkori sifatida ko‘rsatib, ijobiy ruh va yo‘nalishni ham shakllantirgani aniqlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan muloqoti Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) tomonidan lingvistik tahlil qilindi.

Tadbirkorlar kuni munosabati bilan 20 avgust kuni Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan an’anaviy ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatning barcha hududlaridan tadbirkor va investorlar ishtirok etdi. Shuningdek, hududiy studiyalarda mingga yaqin biznes vakillari ham qatnashdi.

Lingvistik tahlil natijalari prezident tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, biznes imkoniyatlarini kengaytirish, soliq-moliya tizimini takomillashtirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratganini aniqladi.

Nutqda tadbirkorlar mamlakatni modernizatsiya qilishda asosiy tayanchga aylanayotgani ta’kidlandi. Prezident tadbirkorlarni davlatning muhim hamkori sifatida belgilab, ular bilan birgalikda ishonch, ochiqlik va olg‘a harakat ruhiyati shakllantirilayotganini qayd etdi.

Davlat rahbari o‘z nutqida jami 4241 so‘zdan foydalandi. Eng ko‘p «tadbirkor» – 107 marta, «biznes» – 34 marta, «korxona» – 29 marta, «soliq» – 21 marta, «investitsiya», «loyiha», «kredit» – 15 marta, «tizim» – 14 marta, «sharoit», «bank», «startap» – 13 marta va «eksport» so‘zi –12 marta tilga olingan (1-rasm).

Bir qator asosiy iboralarga alohida e’tibor qaratildi, «biznes vakillari» – 8 marta, «ochiq muloqot» – 7 marta, «imtiyozli kredit» – 4 marta takrorlangan. Shuningdek, nutqda «Yangi O‘zbekiston», «kichik biznes», «yosh tadbirkor», «yakka tadbirkor», «moliyaviy xizmatlar», «aylanma mablag‘» va «eng ilg‘or» kabi iboralar har biri 3 martadan tilga olingan.

Uch so‘zdan iborat iboralardan «yakka tartibdagi tadbirkor» va «kuch – bu tadbirkorlar» iboralarining har biri 3 marta qayd etilgan. Shuningdek, nutqda «aholi va tadbirkorlar», «litsenziya va ruxsatnoma», «bog‘cha va maktab», «kichik biznes uchun», «imtiyozli kredit ajratiladi», «qo‘llab-quvvatlashga tayyorman», «qarzdorlik uchun jarima», «band qilgan shaxs» va «oilaviy mehmon uylari» iboralarining har biri 2 martadan tilga olingan.

Ta’kidlanishicha, bu so‘zlarning ko‘p takrorlanishi nutqda asosiy e’tibor tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya va kredit mexanizmlarini kengaytirish, soliq yukini yengillashtirish hamda eksport salohiyatini oshirishga qaratilganini ko‘rsatadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid