Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Neft va narkotiklar: AQSh va Venesuela qarama-qarshiligi yangi bosqichga chiqdi
AQSh Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni hibsga olish uchun va’da qilingan mukofotni 50 mln dollarga ko‘tardi va Lotin Amerikasi narkokartellariga qarshi kurashish uchun Karib dengiziga harbiy kemalarni jo‘natdi. Bunga javoban Maduro Venesuelada safarbarlik e’lon qilib, bir necha million fuqarosini qurollantirmoqda. Bu haqda “Geosiyosat”da tahlilchilar Shuhrat Rasul va Kamoliddin Rabbimov so‘z yuritadi.
Kamoliddin Rabbimov: Asosiy sabab – neft. Dunyo aholisi allaqachon 8 milliarddan oshdi. Neft esa global iqtisodiyot tomiridagi qonga teng resurs hisoblanadi. Kelajakda neftning o‘rni kamayishi kutilmoqda, lekin bugun u hanuz asosiy manba. Kollektiv G‘arb nazoratidan tashqarida katta neft zaxiralariga ega uchta davlat bor: Rossiya, Eron va Venesuela. 1990 yillarda aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni 250 mlrd barrel bilan birinchi o‘rinda, Iroq 150 mlrd barrel bilan ikkinchi, Venesuela esa 112 mlrd barrel bilan uchinchi o‘rinda edi. Biroq bugungi kunda Venesuelaning zaxiralari hatto Saudiya Arabistonidan ham ko‘p ekani aytilmoqda. Demak, hozirgi paytda dunyodagi eng yirik neft zaxirasi aynan Venesuelada.
Shuhrat Rasul: Ammo bu neftning o‘ziga xos muammolari bor: u juda chuqur qatlamda joylashgan, qazib olish qiyin va tannarxi yuqori.
Kamoliddin Rabbimov: Shunga qaramay Venesuela G‘arb ta’siridan tashqarida turgan, ulkan resurslarga ega davlat sifatida alohida e’tibor qaratiladi. Lotin Amerikasi miqyosida ham u eng yirik neft zaxiralariga ega mamlakatdir. Biroq siyosiy tizim muammoli. Venesuela – avtoritar davlat. Hozirgi prezident Nikolas Maduro avvalgi rahbar Ugo Chavesning shifokori bo‘lgan. Chaves vafotidan oldin uni o‘z o‘rniga tayinlagan. Mamlakatda saylovlar ko‘p hollarda soxtalashtiriladi, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat esa nihoyatda og‘ir. Sanksiyalar, texnologiyalarning yetishmasligi va ichki inqirozlar iqtisodiyotni izdan chiqargan. Rossiya–Ukraina urushi boshlanganida ham AQSh Venesuela bilan muzokara qilishga urindi, lekin Maduro hanuz Rossiya prezidenti Putin tomonida turib kelmoqda.
Shuhrat Rasul: 20 avgustdan boshlab vaziyat keskinlashdi: AQSh Venesuela yaqiniga “Arleigh Burke-class” turkumidagi uchta qudratli esminetsni joylashtirdi. Har birida 300 ga yaqin harbiy xizmat qiladigan bu kemalar havodan, dengizdan va yer ustidan hujumga qarshi kurasha oladi. 23 avgust kuni prezident Nikolas Maduro buni “Venesuela suverenitetiga tahdid” deb baholab, shov-shuv ko‘tardi va 15 ming askar, ikki diviziya Kolumbiya chegarasiga yuborildi, 4,5 million fuqaro qurollantirildi.
AQShning asosiy e’tirozi – narkotiklar. Venesuela so‘nggi 15 yil davomida AQSh uchun bosh og‘riqqa aylangan. Eng katta sabab – narkotik savdosi. AQSh Maduro rejimini narkokartellarga sheriklikda ayblaydi va hatto prezidentning “boshi uchun” 50 million dollar mukofot e’lon qilgan. Maduro esa aksincha, o‘zini “narkotiklarga qarshi kurashchi” sifatida ko‘rsatishga urinadi.
Aslida esa G‘arb matbuotiga ko‘ra, Maduro Kolumbiyadagi kartellardan foyda olib, og‘ir iqtisodiy inqirozni yengillashtirishga urinmoqda. Mamlakatdagi eng kam ish haqi atigi 0,90 sentni tashkil qiladi. Millionlab odam Kolumbiyaga qochib ketgan, chegara esa deyarli nazoratsiz qolgan. Bu hududda narko guruhlar o‘zaro to‘qnashib turadi, har ikki tomonning harbiylari ham ularning yonini oladi. Vaziyatni na Venesuela, na Kolumbiya nazorat qila olmoqda. Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro qo‘shni mamlakat qo‘shin yuborganiga qaramay, keskin choralar ko‘rmadi, balki Venesuelani qo‘llab-quvvatlashga moyillik bildirdi. Umuman, Pablo Eskobar davridan beri kartellarning kuchi pasaymagan.
Shuningdek, yana bir versiya mavjud: 2025 yil oxirida Venesuelada saylovlar bo‘lib o‘tadi. Ayrimlar AQShning bosimi shu jarayonga ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan deb hisoblaydi. Lekin ko‘proq ehtimoliy sabab – narkotiklarga qarshi kurashda. Shu sababdan Tramp hukumati tartib o‘rnatish rejasining bir qismi sifatida narkotrafikka qarshi kurashni oldinga surmoqda.
Mavzuga oid
20:00 / 09.06.2026
“Markaziy Osiyoda xorijiy davlatlarning harbiy bazalariga ehtiyoj qolmagan” - siyosatshunoslar
14:14 / 09.06.2026
🔴 LIVE: Isroil-Eron to‘qnashuvi va Pashinyan g‘alabasi | "Geosiyosat"
14:22 / 06.06.2026
🔴 LIVE: Zelenskiyning chaqirig‘i va tinchimayotgan Livan | "Geosiyosat"
11:09 / 05.06.2026