O‘zbekiston | 18:32 / 15.09.2025
8640
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Afg‘onistondagi To‘ti-Maydon gaz konini o‘zlashtirishni boshladi

Afg‘oniston shimolidagi To‘ti-Maydon konida gaz razvedkasi va qazib olish loyihasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Konning gaz zaxiralari 3 trln kub metrga baholanmoqda.

Foto: Ariana News

Tadbirda O‘zbekiston prezidentining Afg‘onistondagi maxsus vakili Ismatulla Ergashev, «O‘zbekneftgaz» boshqaruvi raisi Bahodir Sidiqov, O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Baxtiyor Mamatkarimov ishtirok etdi.

Afg‘oniston tomonidan «Tolibon» hukumatining iqtisodiy masalalar bo‘yicha bosh vaziri o‘rinbosari Abdulg‘ani Birodar va Afg‘oniston tog‘-kon sanoati va neft vaziri Hidoyatulloh Badriy qatnashdi.

Birodarning ta’kidlashicha, loyihaning ishga tushirilishi Afg‘onistonning investitsiyalarni jalb qilishga tayyorligidan dalolat beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyihaning amalga oshirilishi uglevodorodlar va elektr energiyasi importiga qaramlikni kamaytirishga, ish o‘rinlarini yaratishga, valuta chiqib ketishini kamaytirishga va gaz eksporti uchun asos yaratishga yordam beradi.

Amu.tv xabariga ko‘ra, loyiha bilan O‘zbekistonning Eriell kompaniyasi shug‘ullanmoqda va dastlabki yili 100 million dollarlik investitsiya kiritadi.

Tolonews xabariga ko‘ra, shartnoma «AERL Group» va «KAM Energy Company» bilan 25 yil muddatga imzolangan.

Avvalroq, Ismatulla Ergashev loyiha «Eriell KAM» o‘zbek-afg‘on qo‘shma kompaniyasi tomonidan amalga oshirilishini ma’lum qilgandi.

To‘ti-Maydon koni Afg‘oniston shimolidagi Juzjon va Faryob viloyatlarida joylashgan bo‘lib, taxminan 7 ming kv km maydonni egallaydi. Gaz zaxiralari 3 trln kub metrga baholanmoqda. Loyihaga investitsiyalar hajmi 1 milliard dollarni tashkil etadi, ular o‘n yil ichida investitsiya qilinadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid