O‘zbekiston | 23:07 / 15.09.2025
4630
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda soliqdan qarzdor fuqarolarning mashinalari jarima maydoniga qo‘yildi

Viloyat soliq boshqarmasining qayd qilishicha, 9 ming fuqaroning 46 mlrd so‘mlik soliq qarzini undirish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Foto: Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi

Bir haftada 131 nafar fuqaroning 2,1 mlrd so‘mlik soliq qarzi uchun transport vositalari jarima maydonchalariga joylashtirildi, deb xabar berdi Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi.

Ta’kidlanishicha, Konstitutsiyaning 63-moddasida fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashi shartligi belgilangan.

«Lekin bugungi kunda o‘z konstitutsiyaviy burchini bajarmay kelayotgan shaxslar ham uchramoqda. Shu sababli ularning nomida bo‘lgan avtotransport vositalari viloyat Ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda jarima maydonchalariga qo‘yilmoqda», deyiladi xabarda.

Qayd qilinishicha, 9 ming fuqaroning 46 mlrd so‘mlik soliq qarzini undirish bo‘yicha yuqoridagi tadbirlar amalga oshirilmoqda.

«O‘tgan haftada olib borilgan tadbirlar davomida 131 nafar fuqaroning 2,1 mlrd so‘m soliq qarzi sabab avtotransport vositalari vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchalariga kiritildi. Natijada 102 nafar fuqarodan 1,1 mlrd so‘mlik soliq qarzdorligi undirilishi ta’minlandi», deyiladi xabarda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid