Biznes | 14:41 / 18.09.2025
1858
2 daqiqa o‘qiladi

Toyota AQShdagi yarim milliondan ortiq mashinalarini chaqirib oladigan bo‘ldi

Gigant yapon avtomobilsozlik kompaniyasi 591 000 dan ortiq avtomobillarini asboblar panelidagi muammo tufayli chaqirib oladi. Kompaniyaga ko‘ra, panellar displeydagi muhim ma’lumotlarni ko‘rsatmayapti va bu insonlar hayotini xavfga qo‘yadi.

Foto: Los Angeles Times

Toyota AQShdagi 591 377 ta avtomobillarda asboblar paneli displeyidagi muhim ma’lumotlarni ko‘rsatmaydigan muammoni aniqlagan. Buning oqibatida yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lishi, odamlar jarohat olishi mumkin. Muammo xavf darajasini oshiradi, dedi kompaniya 18 sentabr kungi bayonotida.

Qaytarib olish Venza, Highlander, Lexus, Tacoma va GR Corolla kabi bir nechta modellarni qamrab oladi.

Kompaniyaning qo‘shimcha qilishicha, avtomobilni ishga tushirish vaqtida asboblar panelidagi dasturiy xatolik tufayli mashinaning tezligi, tormoz tizimi va shinalar bosimi haqida ogohlantirish chiroqlari ko‘rinmay qolish xavfi bor.

Eslatib o‘tamiz, Toyota AQShda o‘z ishlab chiqarish zavodlariga ega hamda kompaniya bergan statistikaga ko‘ra, 2024 yilda bu davlatda Toyota 2 332 623 dona avtomobil sotgan. Bu 2023 yilga qaraganda 3.7 foizga, kunlik savdo taqqoslansa 3,1 foizga ko‘p degani.

“Bizning ko‘p yo‘nalishli quvvat uzatish yondashuvimiz mijozlarimizning turmush tarzi va budjetlariga mos kelmoqda”, - deydi Toyota’ning Shimoliy Amerika mintaqasi uchun zavodning ijrochi vitse-prezidenti Jyek Hollis.

Kompaniya bu mintaqada 65 yildan beri mahsulot sotib keladi va yuqori obro‘ga ega.

Шоҳрух Мажидов
Tayyorlagan Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid