Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qatar nega Isroil hujumiga javob bermadi?
Azizlar, bugun yana Isroilning Qatarga bergan zarbasi haqida gaplashamiz. Bu mavzuda e’lon qilgan oldingi videomizda Qatar nega Isroilga javob bermasligini alohida muhokama qilishimizni aytgandim. Quyida shu haqda.
Davlat bu...
Ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, Qatar Isroil hujumini qoralash uchun Dohada barcha musulmon davlatlarni yig‘ib, «qoralash majlisi» o‘tkazdi. Unda Isroil manziliga bir-biridan qora qoralashlar yog‘dirildi. Lekin bu qoralashlar Netanyahu hukumatining istalgan yo‘nalishiga raketa yog‘dirishini to‘xtata olmadi. Chunki raketalarni to‘xtatish uchun havo hujumidan mudofaa tizimi, qiruvchi samolyotlar kerak, qoralash va bayonotlar emas.
Men oldingi videoda ham aytgandim, hozir yana takrorlamoqchiman: Qatar Isroilga harbiy javob bermaydi, berolmaydi ham. Buning birinchi sababi harbiy qudratda. Hozir Qatar armiyasida Amerikada ishlab chiqarilgan bir-biridan kuchli qurollar bor, arablar Vashingtondan qurol sotib olish uchun pulni ayamaydi. Lekin qurolni omborda saqlash va uni ishlatish boshqa narsa. Qatar armiyasi zobitlari bu qurollardan faqat mashg‘ulot davrida otib ko‘rishadi. Ko‘chada ketayotgan qatarlikka qurol bersangiz, aniq uni ishlata olmaydi.
Lekin Isroilda istalgan erkak qurol ishlatishni biladi. Eng ko‘p ayol harbiy xizmatchisi bor davlat ham AQShdan keyin Isroil bo‘lsa kerak. Bu to‘laligicha militarizatsiya qilingan, tashkil etilganidan buyon urush holatida bo‘lgan davlat. Qatar Isroilga javob bersa, Tel-Aviv endi Hamas obektiga emas, Qatarning harbiy obektiga zarba berishini arablar juda yaxshi bilishadi.
Yana bir jiddiy sabab davlat va odamlar o‘rtasidagi munosabat. Albatta, Qatar zo‘r davlat, arab davlatlari orasida eng farovoni desa ham bo‘ladi. Lekin hukumat va insonlar o‘rtasidagi munosabatda muhabbat deysizmi, sadoqat yoki vatan uchun turib berishmi, xullas nimadir yetishmaydi. Masalan, Turkiya ag‘darilish yoqasiga kelib qolgan, mahalliy telekanallar ham isyonchilar qo‘liga o‘tgan bir paytda Erdo‘g‘an Facetime orqali turklarni yordam uchun maydonlarga chorlaganda, butun xalq ko‘chaga chiqib isyonni bostirgandi. Agar o‘shanda turklar ko‘chaga chiqmasa, davlat katta ehtimol ag‘darilardi, chunki armiya isyonchilar tomonda edi.
Endi xuddi shunaqa vaziyat Qatarda bo‘lib qolsa-yu, janob amir qatarliklarni yordamga chorlasa, ular ko‘chalarga chiqadi deb o‘ylaysizmi? Menimcha, chiqishmaydi. Buni qarangki, davlat insonlarga gazni, «svet»ni bepul qilib, gazning pulini fuqarolar bilan bo‘lishsa ham, odamlar orasida jon berar darajada avtoriteti shakllanib qolmas ekan. Axir turklarda millat va davlat birgalikda rivojlangan, shakllangan, og‘ir kunlardan birga o‘tgan.
Balki shu uchundir, odamlar doim hukumatni tanqid qilishsa ham, davlatga yordam kerak bo‘lganda ko‘kraklarini tutib berishadi. Buning nomi esa davlatning avtoriteti deyiladi. Xalq uni doim ochiq tanqid qiladi, azbaroyi yaxshi ko‘rganidan tanqid qiladi va kerak paytda davlat uchun turib beradi.
Turkiya va demokratik institutlar ishlaydigan, yuqorida aytganimizdek, millat va davlat birgalikda rivojlangan o‘lkalarda hukumat bir ish qilishdan oldin xalqning munosabatini o‘rganadi, falon ishni qilsam fuqaro nima derkin, Isroilga javob bermasam, nima degan odam bo‘lamiz, deb o‘ylaydi. Va bunday jamiyatda aynan fuqarolar davlatning harakat yo‘nalishini belgilab beradi. Isroil Turkiyaga zarba berib, Anqara 3-4 kun jim tursa, turklar maydonlarga chiqib javob talab qilishadi. Chunki bunga haddi sig‘adi, axir bu xalq kechagina shu davlatni ag‘darilishdan saqlab qolganda.
Lekin demokratik institutlar ishlamaydigan, xalq davlatning harakat yo‘nalishini emas, hukumat fuqaroning hayot tarzini belgilab beradigan, biz sizga yaxshi sharoit qilib berganmiz, siyosat qilish bizning ishimiz, deydigan davlatlarda bunday bo‘lmaydi. Qatarliklar amirdan Isroilga javob berishni maydonlarga chiqib talab qilishmaydi. Chunki xalq va davlat go‘yoki qiladigan ishlarini bo‘lib olgandek, «sen menga tegma, men senga tegmayman» qabilida.
Ana shunaqa gaplar, azizlar. Demokratik institutlar ishlashi davlatni nafaqat obod va shaffof, balki mard, qo‘rqmas ham qiladi. Chunki bunday jamiyatlarda davlat orqasida butun boshli xalq turganini his qilib, ishonch bilan harakat qiladi...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
09:13
«Bibi, ehtiyot bo‘l, aks holda mutlaqo yolg‘iz qolasan» – Trampning chaqiriqlardan keyin Isroil va Eron to‘xtadi
11:00 / 08.06.2026
Isroilda xavfsizlik vaziyati keskinlashishi mumkin - elchixona
09:30 / 08.06.2026
Tramp: Netanyahu Eron bo‘yicha har qanday kelishuvni qabul qiladi
09:20 / 08.06.2026