Jahon | 13:21 / 27.10.2025
1818
3 daqiqa o‘qiladi

Qizil Xoch HAMASga garovga olinganlar jasadini qidirishda yordam bera boshladi

Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi (XQXQ) G‘azoning janubidagi Rafah hududida garovga olinganlar jasadini qidirishga ko‘maklashmoqda. 21 oktyabrdan buyon Isroilga birorta ham jasad qaytarilmagan.

Foto: Tamer Ibrahim/ZUMA

XQXQ va misrlik qidiruv guruhlariga G‘azoda “sariq chiziq” deb ataladigan — Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) chekingan demarkatsiya chizig‘idan nariroq hududda halok bo‘lgan garovdagi shaxslar jasadini qidirishga ruxsat berildi. Bu haqda yakshanba, 26 oktabr kuni Reuters agentligi Isroil hukumati vakiliga tayanib xabar qildi.

Qizil Xoch G‘azoda isroillik harbiylar nazoratidagi hududda Falastin harakati — HAMASga jasadlarni qidirishda yordam bermoqda.

The Times of Israel nashri aniqlik kiritishicha, XQXQ ishlari G‘azoning janubidagi Rafah atrofida amalga oshirilmoqda.

HAMAS jangchilari hozircha bir nechta jasadni topa olmayotganini aytmoqda — jami yana 13 nafar garovdagi shaxsning qoldiqlari topilib, topshirilishi kerak. Seshanba, 21 oktyabrdan buyon birorta ham jasad qaytarilmagan.

Isroil tomonining ta’kidlashicha, guruh ko‘proq jasadni topshirishi mumkin, ammo bundan bosh tortmoqda, qolaversa, jasadlar joylashuvi haqidagi ma’lumotni yashirmoqda. Bu esa otashkesim to‘g‘risidagi kelishuvni bevosita buzishdir, deb yozadi The Times of Israel.

2023 yil 7 oktyabrda HAMASning Isroilga qilgan hujumi Yaqin Sharqdagi mojaroning keskinlashuviga sabab bo‘ldi. O‘shanda jangchilar Isroilga raketa zarbasini berib, uning hududiga kirib borgan va taxminan 1200 kishini o‘ldirgan. Shuningdek, 250 kishini garovga olib, ularni G‘azo sektoriga olib ketgan. Keyinchalik garovdagilarning bir qismi almashtirilgan, ayrimlari halok bo‘lgan.

Isroil bunga javoban HAMASga urush e’lon qildi. Quruqlikdagi operatsiyalar va G‘azo sektoriga havo zarbalari davomida 68 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgani, yana 170 mingdan ziyod kishi yaralangani aytiladi — bu raqamlarni HAMASga bo‘ysunuvchi sog‘liqni saqlash vazirligi keltirmoqda. 

2025 yil 13 oktyabrda Sharm ash-Shayxda bo‘lib o‘tgan xalqaro “tinchlik sammiti”da G‘azo sektorida otashkesim to‘g‘risida deklaratsiya imzolangan. Otashkesim kuchga kirdi, TSAHAL yaqindagi harbiy harakatlar hududining taxminan yarmidan qo‘shinlarni chiqardi. Isroil qariyb 2 ming falastinlik mahbusni ozod qildi. HAMAS jangchilari esa oxirgi tirik garovdagilarni qaytardi, ammo hali ham ba’zi halok bo‘lganlarning jasadlarini ushlab turibdi.

Otashkesim shartlariga ko‘ra, HAMAS qurolsizlanishi va G‘azo sektorida hokimiyatdan ketishi lozim. Ammo jangchilar qurolni topshirmayapti va siyosiy raqiblarga nisbatan sudsiz qatllarni amalga oshirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid