Jahon | 14:30 / 29.10.2025
1288
3 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiyada parlament saylovlarida ovoz berish boshlandi

Niderlandiyada parlament saylovlari uchun saylov uchastkalari ochildi. So‘rovlarga ko‘ra, o‘ta o‘ng siyosatchi Gert Vilders va uning Erkinlik partiyasi (PVV) eng yuqori imkoniyatlarga ega.

Foto: Robin Utrecht/picture alliance

Parlament saylovlarida ovoz berish 29 oktyabr kuni tongda boshlandi.

So‘rovlar natijasiga qaraganda, o‘ta o‘ng siyosatchi Gert Vilders va uning Erkinlik partiyasi (PVV) 2023 yildagi muvaffaqiyatni takrorlash imkoniga ega — o‘shanda partiya kutilmaganida eng yuqori natija ko‘rsatib, saylovchilarning 23,5 foiz qo‘lloviga erishgan edi. Biroq bu safar Vilders, ehtimol, hukumatni boshqara olmaydi, chunki Niderlandiyadagi boshqa yirik partiyalar Erkinlik partiyasi bilan koalitsiya tuzishga tayyor emasligini oldindan ma’lum qilgan.

Shu sharoitda saylovlarning eng katta intrigasi — qaysi partiya ikkinchi o‘rinni egallashida. Aynan shu partiya, ehtimol, kelgusi hukumat koalitsiyasini boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Hozircha so‘rovlar bo‘yicha mamlakatda mashhurlik jihatidan ikkinchi o‘rinda — Yevropa komissiyasining sobiq iqlim bo‘yicha komissari Frans Timmermans boshchiligidagi Mehnat partiyasi va «Yashil so‘llar» partiyalarining saylov koalitsiyasi joylashgan.

Joriy yil yozida Niderlandiyada to‘rt partiyadan iborat koalitsiya migratsiya qonunchiligi bo‘yicha kelisha olmagani tufayli parchalangan edi. Gert Vilders boshchiligidagi bu hukumat hokimiyatda atigi 11 oy turdi. Amaldagi saylovlarda o‘ta o‘ng siyosatchi g‘alaba qozongan taqdirda ham qirollikda YeIdagi eng qat’iy siyosiy boshpana qoidalarini joriy etishni va’da qilgan. 28 oktyabr kuni televideniyeda bo‘lib o‘tgan debatlarda u hatto Niderlandiyada boshpana so‘rovlarini «darhol qabul qilishni to‘xtatish»ga chaqirdi.

Germaniyaning Frankfurter Rundschau gazetasi ta’kidlashicha, «Germaniya uchun ham siyosiy ahamiyatga ega» bo‘lgan ushbu saylov natijalari Berlinni qiziqtiradi. Nashr mualliflari quyidagi xulosani keltiradi: «Keng tarqalgan fikr — yoki umid — hukumatdagi o‘ng kuchlar o‘zini o‘zi fosh qilishi Niderlandiyada o‘zini oqlamadi».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid