Jahon | 12:00 / 30.10.2025
1311
3 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiyadagi saylovlarda «Demokratlar 66» partiyasi yetakchilik qilyapti

Ekzitpollarga ko‘ra, Niderlandiyadagi saylovlarda so‘l-liberal «Demokratlar 66» (D66) partiyasi g‘olib chiqqan. Gert Vilders boshchiligidagi o‘ng populistlar esa o‘tgan saylovga nisbatan yomonroq natijani qayd etgan.

Foto: AP

Rob Yyetten rahbarligidagi «Demokratlar 66» partiyasi parlament saylovlarida yetakchilik qilmoqda va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parlamentning quyi palatasi — Vakillar palatasida 150 o‘rindan 27 tasini qo‘lga kiritadi. Bundan 29 oktyabr kuni kechqurun Ipsos sotsiologik instituti e’lon qilgan ekzitpol natijalari guvohlik bermoqda. Xuddi shu ekzitpollarga ko‘ra, Gert Vilders boshqaradigan o‘ng-populist «Erkinlik partiyasi» 25 ta o‘rin oladi. Prognoz uch mandatgacha xatolikka yo‘l qo‘yayotgani sababli, kuchlar nisbati hali o‘zgarishi mumkin.

Vilders uchun bunday natija sezilarli mag‘lubiyat bo‘ladi. 2023 yilgi saylovlarda «Erkinlik partiyasi» birinchi o‘rinni egallab, 37 deputatlik mandat olgan edi. Joriy ovoz berish Niderlandiyada o‘ng siyosiy kuchlarning pozitsiyasini mustahkamlash qobiliyati uchun sinov sifatida ko‘rildi.

Kutilmaganda, Frans Timmermans — Yevropa Ittifoqining sobiq iqlim bo‘yicha komissari — rahbarlik qiladigan «Mehnat partiyasi» va «Yashillar-So‘llar» koalitsiyasi past natija ko‘rsatdi. So‘rovlar unga ikkinchi o‘rinni bashorat qilgan edi, ammo u faqat to‘rtinchi bo‘lib, parlamentda 20 ta o‘rin oldi. Timmermans allaqachon ushbu alyans rahbarligidan iste’foga chiqqanini e’lon qildi.

38 yoshli Rob Yyetten Niderlandiya tarixida eng yosh bosh vazir bo‘lishi mumkin. Endi qirollikda hukumat tuzishning murakkab jarayoni boshlanadi, u bir necha oyga cho‘zilishi ehtimoli bor.

Muddatidan oldingi saylovlarni Gert Vildersning o‘zi boshladi: iyun oyida u immigratsiya masalalaridagi kelishmovchiliklar sabab hokimiyat koalitsiyasidan chiqishini e’lon qildi. Uning qochoqlarga boshpana berish tizimini keskin qat’iylashtirish talabi koalitsiyadagilar uchun maqbul bo‘lmadi. Joriy saylov kampaniyasida ham Vilders mamlakatda YeIdagi eng qat’iy boshpana qoidalarini joriy etish va’dalarini takrorladi.

Frankfurter Rundschau gazetasi ovoz berish oldidan yozganidek, Germaniyada o‘ta o‘ng «Germaniya uchun muqobil» partiyasi ommabopligi oshganini hisobga olganda, Niderlandiya parlament saylovlari natijalari GFR uchun ham ahamiyatga ega.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid