Jahon | 09:41 / 01.11.2025
2298
5 daqiqa o‘qiladi

BMT va Qizil Xoch Al-Fashirdagi vahshiyliklarni qoraladi

Al-Fashirga Tezkor qo‘shinlar (RSF) hujum qilganidan keyin BMTga kelayotgan murojaatlarda ko‘plab shafqatsiz jinoyatlar haqida ma’lumotlar bor. JSST ma’lumoticha, shaharning bosh shifoxonasida 460 kishi o‘ldirilgan.

Foto: AP

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi (XQXQ) Sudanning Al-Fashir shahridagi tinch aholi ahvolidan jiddiy tashvish bildirdi. Bu shahar 23 oktyabr kuni isyonchi guruh — Tezkor qo‘shinlar (RSF) tomonidan egallab olingan edi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi (IHOKB) vakili Seyf Magango 31 oktyabr kuni Jyenevada o‘tkazilgan brifingda aytganidek, RSF shaharga kirgan paytdan beri «qon to‘kish, sudsiz qatllar, ommaviy o‘ldirishlar, zo‘rlashlar, gumanitar xodimlarga hujumlar, talon-toroj va o‘g‘irlashlar» haqida «dahshatli xabarlar» kelmoqda.

Sudanning g‘arbidagi Shimoliy Darfur viloyati ma’muriy markazi bo‘lgan Al-Fashir bilan aloqa uzilgani sababli ma’lumotlarni olish va tasdiqlash qiyinlashgan. IHOKB xodimlari Al-Fashirdan qochib, qo‘shni Tavila shahrida panoh topganlar bilan suhbatlashgan. «Biz xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlarining qo‘pol buzilishlarini ko‘rsatuvchi hujjatli videoyozuvlar va boshqa tasvirlarni oldik», — dedi Magango Nayrobidan video-aloqa orqali. IHOKB bahosiga ko‘ra, Al-Fashirni RSF egallashi davrida va undan so‘ng halok bo‘lganlar soni yuzlab kishiga yetishi mumkin.

BMT vakili, shuningdek, Saudiya shifoxonasi va boshqa tibbiy muassasalarga qilingan hujumlar, RSF jangchilari tomonidan jumladan ommaviy zo‘rlashlar kabi jinsiy zo‘ravonlik holatlari haqida xabar berdi. Uning so‘zlaricha, gumanitar tashkilotlar xodimlarini o‘ldirish holatlari ham hujjatlashtirilgan.

Bundan tashqari, Shimoliy Kordofandagi Bara shahri egallab olingani bilan bog‘liq jiddiy buzilishlar, jumladan Qizil Yarim Oyning besh ko‘ngilli xodimi sudsiz qatl etilgani haqida axborotlar kelmoqda. «Al-Fashir va uning atrofida, shuningdek Barada sodir etilgan bu so‘nggi og‘ir holatlar xalqaro huquq nuqtai nazaridan jinoyat sifatida baholanishi mumkin», — deb ta’kidladi Magango. U «aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun mustaqil, tezkor, oshkora va puxta tergov» o‘tkazishga chaqirdi.

26 oktyabr kuni Tezkor qo‘shinlar Al-Fashirni egallaganini ma’lum qilgan — bu shahar Darfurda hukumat qo‘shinlarining oxirgi tayanch nuqtasi edi. Sudanda RSF bilan muntazam armiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlar 2023 yil 15 apreldan beri davom etmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyyesus ma’lum qilishicha, Al-Fashirning bosh shifoxonasi — Saudiya shifoxonasida 460 dan ortiq bemor va ularning hamrohlari o‘ldirilgan. Ilgari JSST Sudanda tibbiy muassasalarga qilingan 185 ta hujumni qayd etgan edi, 2023 yil aprelidan boshlangan fuqarolik mojarosi davrida 1204 kishi halok bo‘lgan, yana 416 kishi yaralangan.

JSST press-relizida qayd etilishicha, 26 oktyabr kuni shaharda qisman ishlab turgan yagona tibbiy muassasa bo‘lgan ushbu shifoxona oy davomida to‘rtinchi marta hujumga uchradi: shu kuni bir hamshira halok bo‘ldi, yana uch tibbiyot xodimi yaralandi. Oradan ikki kun o‘tib — 28 oktyabrda — olti nafar tibbiyot xodimi o‘g‘irlab ketilgan. Shu kuni shifoxona binosi ichida 460 dan ortiq kishi otib o‘ldirilgani iddao qilingan.

Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi prezidenti Miryana Spolyarich-Egger: «Bir paytlar inson hayotini saqlab qolish uchun mo‘ljallangan muassasalar o‘lim va vayrona makoniga aylanib qolganidan afsusdaman», dedi. «Hech bir bemor shifoxonada o‘ldirilmasligi kerak, va hech bir tinch fuqaro o‘z uyidan qochishga uringani uchun otib tashlanmasligi lozim», — dedi u, Sudandagi «dahshatli holatlar»ni «oqlab bo‘lmas» deb atab.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid