Jahon | 22:40 / 10.11.2025
4341
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropada o‘ta uzoq masofali parvozlar uchun mo‘ljallangan samolyot yig‘ildi

A350-1000ULR Qantas aviakompaniyasi tarixidagi eng uzoq masofali yo‘lovchi samolyoti bo‘ladi.

Foto: Qantas

Avstraliyaning Qantas aviakompaniyasi Avstraliyadan London va Nyu-Yorkka qo‘nmasdan parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zining ulkan Sunrise loyihasini amalga oshirish yo‘lida hal qiluvchi qadamni tashladi. Bu haqda CNN yozdi.

Ma’lum qilinishicha, Tuluzadagi zavodda dasturning birinchi samolyoti - gigant Airbus A350-1000ULR yig‘ilgan.

Muhandislar allaqachon fyuzelyajning asosiy qismlarini birlashtirdi, shuningdek, qanot, dum qanotlari va shassini o‘rnatdi. Birinchi mashinani yetkazib berish kelgusi yilning ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan.

A350-1000ULR Qantas tarixidagi eng uzoq masofali yo‘lovchi samolyoti bo‘ladi. Taxminlarga ko‘ra, u havoda 22 soatgacha bo‘lishi mumkin (Melburn va Nyu-York o‘rtasidagi masofa taxminan 16,7 ming km). Buning uchun samolyotga hajmi 20 ming litr bo‘lgan qo‘shimcha markaziy yonilg‘i baki o‘rnatildi.

Samolyotda atigi 238 ta o‘rindiq bo‘ladi, boshqa A350-1000 samolyotlarida esa taxminan 400 ta.

Aytish joizki, 2019 yilda Qantas samolyoti «London - Sidney» yo‘nalishi bo‘yicha qo‘nishsiz parvozni amalga oshirgan. Boeing-787-9 Dreamliner samolyoti sinov parvozi vaqtida 19 soat 19 daqiqa havoda bo‘lgan. Bu vaqt ichida samolyot 17,8 ming kilometr masofani bosib o‘tdi.

Parvoz vaqtida Boeing-787-9 bortida bor-yo‘g‘i 50 kishi bor edi, biroq samolyot 250 nafardan ortiq yo‘lovchini tashishi mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, yangi A350-1000ULR ishga tushirilishi Qantas uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu, shuningdek, Airbus aviakompaniyasiga Boeing bilan global qarama-qarshilikda qo‘shimcha ustunlik beradi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid