O‘zbekiston | 20:41 / 06.12.2025
2125
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida aviaqatnovlar ko‘paytiriladi

“Fly Jinnah” aviakompaniyasi 2026 yilda 4 ta yangi yo‘nalishda muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Foto: "Dunyo" AA

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning “Fly Jinnah” xususiy aviakompaniyasi rahbari Said Arman Yahya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida havo qatnovlari geografiyasini kengaytirish, o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish va aviakompaniyalar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xususan havo transporti orqali yuk tashishni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston-Pokiston o‘rtasidagi savdo hajmini, turistlar oqimini oshirish, qo‘shma korxonalarni tashkil etish, O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasini yanada rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli islohotlar va ushbu yo‘nalishda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida aytib o‘tildi.

Said Arman Yahya “Fly Jinnah” aviakompaniyasi, uning kelgusi rejalari haqida so‘zlab berdi. 

«Parvozlar geografiyasini kengaytirish doirasida 2026 yilda 4 ta yangi yo‘nalishda muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapmiz. Shu ma’noda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida havo transportida yuk tashuvlarini amalga oshirish, jumladan alohida yuk reyslari va LCL-xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, mamlakatimiz orqali uchuvchi tranzit yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish va Toshkent shahrini mintaqaviy xabga aylantirish uchun yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston aviakompaniyalari, xususan “Uzbekistan Airways” AJ bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdormiz» , – dedi u.

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan masalalar bo‘yicha aloqalarni yanada rivojlantirish va tegishli tashkilotlar bilan uchrashuvlar tashkil etishga kelishib oldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid