Jahon | 13:11 / 23.12.2025
1425
4 daqiqa o‘qiladi

Netflix'ga raqobat: Paramount WBD uchun 108 mlrd dollarlik taklif tayyorladi

Oracle dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchisiga asos solgan milliarder Larri Ellison Warner Bros. Discovery bo‘yicha bitim uchun 40,4 mlrd dollar miqdorida shaxsiy kafolat bermoqda. Bu esa kompaniya uchun kurashni yanada keskinlashtirib, Paramount Skydance'ning xarid qilish ehtimolini oshiradi.

Foto: JHVEPhoto / Shutterstock / FOTODOM

Dushanba kuni, 22 dekabrda, Paramount Skydance Corp. kompaniyasi Warner Bros. Discovery (WBD)ni sotib olish bo‘yicha taklifining shartlarini qayta ko‘rib chiqqani ma’lum bo‘ldi. Yangilangan taklifga Oracle hammuassisi, milliarder Larri Ellison tomonidan 40,4 mlrd dollar miqdoridagi shaxsiy, qaytarib olinmaydigan moliyaviy kafolat kiritildi. Bu haqda Paramount’ning rasmiy bayonotida aytilgan. Larri Ellisonning o‘g‘li — kinoprodyuser Devid Ellison Paramount Skydance Productions rahbari hisoblanadi.

Sotib olish bo‘yicha taklifni tuzatish WBD direktorlar kengashining e’tirozlariga javob bo‘ldi: kengash Paramount’ning avvalgi arizasini haddan tashqari xatarli deb baholagan va oldingi kafolat — Ellisonlar oilasining qaytarib olinishi mumkin bo‘lgan oilaviy trasti orqali berilayotgani aktivlarning chiqib ketishi ehtimolini istisno etmasligi, shu sababli ishonchli moliyalashtirish manbasi sifatida qaralmasligini bildirgan edi. Yangi taklifda Ellison bitimni moliyalashtirish va Paramount’ga bo‘lishi mumkin bo‘lgan da’volarni qoplashni shaxsan o‘z zimmasiga oldi. Milliarder, shuningdek, bitim yakunlanmaguncha trastni qaytarib olmaslikni va’da qildi.

Paramount taklifining umumiy qiymati 108 mlrd dollarga yetadi. Raqobatchi Netflix taklifi esa Warner Bros. Discovery aktivlarini taxminan 83 mlrd dollarga baholaydi va faqat Warner Bros. kinostudiyalari, HBO, HBO Max hamda o‘yin (gaming) bo‘linmasini sotib olishni nazarda tutadi. Paramount esa WBD’ni, jumladan, CNN, TNT, TBS va Discovery kabi global telekanallar tarmog‘ini ham to‘liq xarid qilishni rejalashtirmoqda.

Paramount taklifini moliyalashtirishda xorijiy investorlar ham ishtirok etmoqda: taxminan 24 mlrd dollarni Saudiya Arabistoni, Qatar va Abu-Dabining suveren jamg‘armalari ta’minlamoqda. WBD avvalroq xorijiy jamg‘armalar ishtirok etishi AQSh hukumati tomonidan milliy xavfsizlik yo‘nalishida qo‘shimcha tekshiruvlarga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.

Warner Bros. ustidan nazorat uchun Netflix va Paramount o‘rtasidagi keng ko‘lamli kurash allaqachon Oq uy e’tiborini tortgan. AQSh prezidenti Donald Tramp bir necha bor vaziyatni sharhlab, Netflix’ning WBD’ni sotib olishi “muammo bo‘lishi mumkin”ligini aytgan — chunki bu kompaniyaning kino va TV industriyasidagi ulushini sezilarli oshiradi. Shu bilan birga, u Paramount’ga tegishli CBS News telekanallarining Oq uy faoliyatini yoritishini tanqid qilib keladi va da’vogarlarning hech birini to‘liq qo‘llab-quvvatlamasligini bir necha bor ta’kidlagan. U ayniqsa CNN egasi almashishi zarurligiga e’tibor qaratgan — Tramp bu kanalni ko‘p bor “feyk yangiliklar” tarqatishda ayblagan.

Netflix ham, Paramount ham Oq uyda o‘z pozitsiyalarini faol tarzda ilgari surmoqda. Masalan, Devid Ellison CBS’ning yangi bosh muharriri etib OAVdagi biryoqlamalikni tanqid qilishi bilan tanilgan jurnalist Bari Vaysni tayinladi. Uning tayinlanishi AQShning konservativ doiralarida yuqori baholandi. Shu fonda CBS News ichida mojaro kelib chiqdi: xodimlardan biri Vaysni El-Salvadordagi o‘ta qattiq darajada qo‘riqlanadigan qamoqxona haqidagi lavhani efirdan olib tashlaganlikda aybladi — u yerga Tramp ma’muriyati Venesueladan yuzlab muhojirlarni yuborgan edi.

Yangiliklar e’lon qilinganidan so‘ng Paramount aksiyalari taxminan 5,5 foizga, WBD qimmatli qog‘ozlari 4,3 foizga o‘sdi, Netflix kotirovkalari esa taxminan 1 foizga pasaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid