Jamiyat | 17:16 / 23.12.2025
2584
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadan bir yoshli O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi

O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi Rossiya huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda Yoqutistondagi oilaviy tarbiyaga ko‘maklashish markazida yashagan bir yoshli S.M.ni yurtga qaytardi.

Foto: Dunyo

Mamlakatning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Rossiya Federatsiyasining huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda Saxa Respublikasi (Yoqutiston)da oilaviy tarbiyaga ko‘maklashish markazida yashab kelgan bir yoshli S.M. — O‘zbekiston fuqarosi Vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Yoqutistonda mehnat faoliyatini olib borgan fuqaro giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatda ayblanib, sud hukmi bilan 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Uning farzandi hibsxonada tug‘ilgan bo‘lib, tug‘ilgandan so‘ng respublika oilaviy tarbiyaga ko‘maklashish markaziga topshirilgan.

Mahkumaning onasi bolani olib ketish uchun Saxa Respublikasiga kelib, O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasiga yordam so‘rab murojaat qilgan. Konsulxona tomonidan Rossiya Tashqi aloqalar va xalqlar ishlari vazirligi hamda Yoqutiston okrugi ma’muriyatining Vasiylik va homiylik departamenti bilan aloqa o‘rnatilib, bolani buvisiga berish bo‘yicha tegishli muloqot olib borilgan.

Xalqaro konvensiyalar asosida bola huquqlarini himoya qilishga doir hujjatlar rasmiylashtirilib, keyinchalik qizchani O‘zbekistonga qaytarish uchun maxsus sertifikat tayyorlangan. Rossiya hukumati ko‘magida bola belgilangan tartibda buvisiga topshirilgan.

Shuningdek, Yoqutistondagi o‘zbek diasporasi faollari ko‘magida buvi va nabira uchun Yoqutiston–Novosibirsk–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar xarid qilinib, ular eson-omon vatanga qaytarilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid