O‘zbekiston | 18:46 / 05.01.2026
2621
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston va O‘zbekiston Xitoy va Yevropaga multimodal yo‘lakni ishga tushiradi

Loyiha doirasida yuk ortilgan 10 ta yuk mashinasidan iborat karvon O‘zbekistondan Tojikiston orqali Xitoyga o‘tadi.

Foto: Sputnik

Tojikiston va O‘zbekiston Xitoy - Tojikiston - O‘zbekiston - Turkmaniston - Eron - Turkiya - Yevropa multimodal transport yo‘lagi pilot loyihasini amalga oshirishga kirishadi. Bu haqda Tojikiston Respublikasi Transport vazirligiga tayanib Sputniknews xabar berdi.

Loyiha doirasida yuk ortilgan 10 ta yuk mashinasidan iborat karvon O‘zbekistondan Tojikiston orqali Xitoyga o‘tadi. Ta’kidlanishicha, ikki mamlakat transport vazirlari Azim Ibrohim va Ilhom Mahkamov yaqinda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda bu borada kelishuvga erishgan. Qayd etilishicha, yuklarni tashish uchun ruxsatnomalar elektron shaklda beriladi.

Ushbu yo‘lak 2022 yilda Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan «Tojikiston va mintaqa davlatlari o‘rtasida transport aloqalarini rivojlantirishda logistika va uning ustuvor yo‘nalishlari» mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida taqdim etilgan.

Shuningdek, Samarqand viloyati Urgut tumanida joylashgan O‘zbekiston-Tojikiston chegarasidagi «Jartepa - Sarazm» chegara o‘tish joyining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish rejalashtirilgan. U yerda bir kunda 100 tagacha yuk mashinasini qabul qilib, hujjatlarni zudlik bilan rasmiylashtiradigan yangi logistika markazi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, chegara yaqinida kuniga 150-200 nafar murojaatchiga tibbiy xizmat ko‘rsatadigan diagnostika markazi, 800 nafar tadbirkorga xizmat ko‘rsatadigan savdo majmuasi tashkil etiladi. Tojikiston fuqarolari «pasport nazoratidan o‘tmasdan, keraksiz hujjatlarni rasmiylashtirmasdan va uzun navbatlarsiz» tijorat va tibbiy xizmatlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid