Jahon | 08:51 / 05.01.2026
7428
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Venesuelaning vaqtinchalik rahbariga tahdid qildi

AQSh prezidenti Venesuelaning vaqtincha rahbari Delsi Rodrigesni AQSh bilan hamkorlikdan bosh torsa, buning badali qimmat bo‘lishi bilan qo‘rqitdi. Venesuela vitse-prezidenti Maduro amerikalik harbiylar tomonidan olib ketilganidan keyin ham uni mamlakatning yagona qonuniy prezidenti deb atagan edi.

Delsi Rodriges Foto: Leonardo Fernandez Viloria / Reuters

Venesuelaning vaqtincha prezidenti Delsi Rodriges, agar AQSh bilan hamkorlik qilishdan bosh torsa, “Madurodan ham qimmatroq narx to‘laydi”, — dedi Oq uy rahbari Donald Tramp yakshanba, 4 yanvar kuni The Atlantic nashriga bergan intervyusida. Ilgari AQSh yetakchisi agar Rodriges “biz istagan ishni qilsa”, Venesuelada AQSh harbiy ishtiroki kerak bo‘lmasligini ta’kidlagan edi.

Jurnalistlar bilan suhbatda Donald Tramp, shuningdek, AQShga mudofaa maqsadida Grenlandiya ustidan nazorat zarurligini aytdi.

3 yanvar kuni Venesuela Oliy sudi mamlakat vitse-prezidenti Delsi Rodrigesni davlatning vaqtincha rahbari etib tayinladi. Bundan avval AQSh maxsus bo‘linmalari Karakasda prezident Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni qo‘lga olib, Venesueladan Nyu-Yorkka olib chiqqan edi. AQSh hukumatining niyati — Maduroni “narkoterrorizm” ayblovi bilan sudga tortish.

Avvalroq, Nikolas Maduro va uning turmush o‘rtog‘i qo‘lga olinganiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Donald Tramp Venesuelani vaqtincha boshqarishni uning ma’muriyati o‘z zimmasiga olishini ma’lum qilgan. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, bu jarayonda asosiy rolni AQSh davlat kotibi Marko Rubio o‘ynaydi.

O‘shanda Tramp Delsi Rodriges AQSh bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirganini ham aytgan. Biroq 3 yanvar kuni Venesuelaning vaqtincha prezidenti davlat telekanali orqali chiqish qilib, Nikolas Maduroni mamlakatning yagona qonuniy prezidenti deb atagan.

Venesuela Qurolli kuchlari Delsi Gonsalesni qo‘llab-quvvatladi. 4 yanvar kuni e’lon qilingan venesuelaliklarga videomurojaatda mudofaa vaziri Vladimir Padrino armiya AQSh intervensiyasi keltirib chiqargan davlat inqirozi vaqtida “konstitutsiyaga muvofiq” tarzda Gonsalesni qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Padrino so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hududida AQShning “imperialistik tajovuzi”ga qarshi turish uchun qurolli kuchlar va politsiya bo‘linmalari jangovar shaylik holatiga keltiriladi. Mudofaa vaziri Maduroni qo‘lga olishni “qo‘rqoqlarcha o‘g‘irlab ketish” deb atadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid