Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xarita: qaysi mamlakat tabiiy resurslarga eng ko‘p darajada bog‘liq?
Tabiiy resurslar hali-hamon ko‘plab mamlakatlar uchun iqtisodiy o‘sishning kuchli manbai bo‘lib qolmoqda. Neft va gazdan tortib, foydali qazilmalar va o‘rmonlargacha - bu boyliklar ulkan daromad keltirishi mumkin, biroq ayni paytda iqtisodiyotni zaif va tashqi omillarga o‘ta ta’sirchan qilib qo‘yadi.
Jahon banki guruhi taqdim etgan ma’lumotlarga asoslangan yangi vizualizatsiya tabiiy resurslardan tushadigan daromadlarning yalpi ichki mahsulot (YaIM)dagi ulushini ko‘rsatib, qaysi mamlakatlar xomashyo qazib olish va sotishga eng ko‘p tayanishini yaqqol namoyon qiladi. Unda resurs rentasining YaIMdagi ulushi aks ettirilgan — ya’ni neft, gaz, ko‘mir, foydali qazilmalar va o‘rmon resurslaridan tushadigan iqtisodiy ortiqcha qiymat (ularni qazib olish xarajatlari chiqarib tashlanganidan keyin qoladigan qismi).
Tabiiy resurslarga bog‘liqlik darajasi eng yuqori chegarada turgan davlatlar soni ko‘p emas. Ro‘yxatda Liviya birinchi o‘rinda: tabiiy resurslardan keladigan daromadlar uning YaIM 61 foizini tashkil etadi. Bu mamlakat iqtisodiyotining deyarli to‘liq neft eksportiga tayanayotganini ko‘rsatadi. Iroq, Kongo Demokratik Respublikasi va Kongo Respublikasi ham iqtisodiy mahsulotining uchdan bir qismidan ortig‘ini tabiiy resurslar hisobiga oladi.
Bunday iqtisodiyotlarda davlat daromadlari, ish bilan bandlik va xorijiy valuta tushumlari jahon xomashyo narxlaridagi tebranishlar bilan juda uzviy bog‘liq bo‘ladi.
Tabiiy resurslarga yuqori darajada bog‘liq mamlakatlarning aksar qismi Yaqin Sharq va Afrikada joylashgan. Neft va gazga boy davlatlar — masalan, Eron, Angola, Ummon, Qatar va Saudiya Arabistoni ushbu guruhda sezilarli o‘rin tutadi.
Sahroi Kabirning janubidagi Afrika mamlakatlarida esa foydali qazilmalar eksportchilari, jumladan Zambiya va Angola, shuningdek neft qazib oluvchi davlatlar — Ekvatorial Gvineya va Chad katta ahamiyatga ega: ularning iqtisodiyoti resurs rentasiga kuchli darajada bog‘liq.
Mavzuga oid
19:32 / 15.12.2025
Kishi boshiga tabiiy boyliklar: Saudiyada 1 mln, Rossiyada 520 ming dollar. O‘zbekistonda-chi?
07:23 / 12.12.2025
Kishi boshiga tabiiy boylik bo‘yicha dunyo yetakchilari: Saudiya birinchi, Kanada - ikkinchi
15:42 / 14.11.2024
Rossiyadan Venesuelagacha: tabiiy boyliklar bo‘yicha eng boy davlatlar
18:49 / 12.08.2022