Jahon | 12:31 / 07.01.2026
2687
2 daqiqa o‘qiladi

Kanadaning sobiq bosh vazir o‘rinbosari Friland Zelenskiyga maslahatchi bo‘ldi

Kanadalik Xristya Friland Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning iqtisodiy taraqqiyot masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. Zelenskiy uning “aynan shunday masalalarni professional darajada bilishi”ni ta’kidladi.

Xristya Friland Foto: Justin Tang/IMAGO

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kanadaning sobiq bosh vazir o‘rinbosari Xristya Frilandni iqtisodiy taraqqiyot masalalari bo‘yicha o‘zining maslahatchisi etib tayinladi. Bu haqda Ukraina davlat rahbari saytida dushanba, 5 yanvar kuni e’lon qilingan farmonda aytiladi.

“Xristya aynan shu kabi masalalarni professional darajada yaxshi biladi va investitsiyalarni jalb etish hamda iqtisodiy transformatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha katta tajribaga ega. Hozir Ukrainaga ichki barqarorlikni oshirish kerak — diplomatiya imkon qadar tez ish bersa, Ukrainani tiklash uchun, hamkorlar kechiktirishi sabab urushni tugatish uchun ko‘proq ishlashga to‘g‘ri kelsa, mudofaamizni mustahkamlash uchun”, — deb yozdi Zelenskiy Friland tayinlanganidan keyin Telegram-kanalida.

Shu kuni u yana bir qator farmonlarni ham imzolagan — jumladan, MXK va UXXdagi o‘zgarishlar va kadrlar almashinuvi bo‘yicha.

Xristya Friland 1968 yilda Kanadada tug‘ilgan, ona tomonidan ukrainalik, ukrain va rus tillarida erkin so‘zlasha oladi. Siyosatga kirishishidan oldin Friland jurnalist bo‘lib ishlagan, 1990-yillarda Ukraina va Rossiyada G‘arb nashrlari bilan hamkorlik qilgan.

Kanada parlamentida bir necha yil ishlaganidan keyin Xristya Friland vazirlik lavozimlarini egallagan, 2019–2024 yillarda mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari bo‘lgan. 2020 yil yozida u Kanada moliya vaziri lavozimini egallagan ilk ayolga aylangan va bir vaqtning o‘zida bosh vazir o‘rinbosari vazifasini ham saqlab qolgan.

Xristya Friland 2014 yilda Qrim qo‘shib olingani uchun Rossiyaga nisbatan Kanada sanksiyalari paketini ishlab chiqqan guruh tarkibiga kirgan. U dunyoda Ukrainaga RFga qarshi urushda ko‘mak berish masalasida eng faol siyosatchilardan biri sifatida obro‘-e’tiborga ega.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid