Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kiyev ittifoqchilari Ukrainaga kafolatlar haqida deklaratsiya imzoladi
“Ko‘ngillilar koalitsiyasi” ishtirokchilari Parijdagi uchrashuvda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risida deklaratsiyani imzoladi. Shuningdek, Parij, London va Kiyev otashkesimdan keyin Ukrainada qo‘shin joylashtirish bo‘yicha kelishuvni ham imzoladi.
“Ko‘ngillilar koalitsiyasi”ga kiruvchi davlatlar Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risida deklaratsiya imzoladi. “Bugun biz sezilarli ilgarilashga erishdik — bu barqaror tinchlik uchun ishonchli kafolatlarni taqdim etuvchi Parij deklaratsiyasida o‘z aksini topdi. ‘Ko‘ngillilar koalitsiyasi’ning ushbu bayonotida ilk bor birlashmaga kiruvchi 35 davlat hamda Ukraina va AQSh o‘rtasidagi amaliyotdagi yaqinlashuv tan olinmoqda. Biz ishonchli xavfsizlik kafolatlari haqida gapiryapmiz”, — dedi Parijda seshanba, 6 yanvar kuni AQSh vakillari ishtirokida o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha Fransiya prezidenti Emmanuel Makron. U kelishilgan bandlarni alohida-alohida sanab o‘tdi. Ular qatorida — AQSh rahbarligida otashkesimga rioya etilishini monitoring qilish, Ukrainaga mudofaa uchun uzoq muddatli qurol-yarog‘ yetkazib berish, shuningdek kelgusida Rossiya tomonidan takroriy hujum sodir bo‘lsa, mamlakatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha majburiy kelishuvlarni qabul qilish ustida ishlash kabi masalalar bor.
Bundan tashqari, Kiyev, Parij va London niyatlar deklaratsiyasini imzoladi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer so‘zlariga ko‘ra, bu hujjat otashkesimdan keyin Ukrainada Britaniya, Fransiya va boshqa “hamkor” davlatlar qo‘shinlarini joylashtirish uchun “huquqiy asos” yaratadi.
“Bu — Ukrainani uzoq muddatda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bizning mustahkam majburiyatimizning eng muhim qismi”, — deya Starmerning so‘zlarini uning idorasi keltiradi. Bosh vazir, shuningdek, otashkesim rejimi boshlanishi bilan Buyuk Britaniya va Fransiya Ukraina bo‘ylab “harbiy markazlar” tashkil etishini va “qurol-yarog‘ hamda harbiy texnikani saqlash uchun himoyalangan obektlar” qurishini aytdi.
Germaniyaning ishtiroki haqida gapirar ekan, GFR kansleri Fridrix Mers mamlakat, masalan, o‘z qo‘shinlarini Ukraina bilan qo‘shni bo‘lgan NATO davlatlaridan birida joylashtirishi mumkinligini bildirdi. Bunday davlatlar qatorida Polsha, Ruminiya, Vengriya va Slovakiya tilga olingan. “O‘z nomimdan va federal hukumat nomidan aytaman: biz hech narsani istisno qilmaymiz”, — deya Mersning so‘zlarini keltiradi dpa agentligi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Fransiya va Buyuk Britaniya bilan imzolangan kelishuvni “juda aniq” deb atadi. Uning aytishicha, Ukraina tomonida allaqachon yetarli ma’lumot bor: qaysi davlatlar kelishuvda ishtirok etishi va ularning har biri qanday hissa qo‘shishi ma’lum.
Shu bilan birga, Zelenskiy ayrim masalalar, xususan, hududiy masala hal etilmay qolganini qayd etdi.
“Ko‘ngillilar koalitsiyasi”ning Parijdagi uchrashuvida AQShdan prezidentning maxsus vakili Stiven Uitkoff va davlat rahbarining maslahatchisi Jared Kushner ishtirok etdi. Uitkoff uchrashuv yakunlariga ko‘ra, xavfsizlik kafolatlari loyihasi va Ukraina tiklanishi rejasi kabi bir necha yo‘nalishda “sezilarli ilgarilash”ga erishilganini aytdi.
“Biz koalitsiya bilan shu fikrdamiz: barqaror xavfsizlik kafolatlari va iqtisodiy farovonlikni ta’minlashga oid ishonchli majburiyatlar Ukrainada mustahkam tinchlik uchun juda muhim, va biz bu borada qo‘shma ishni davom ettiramiz”, — deb yozdi Uitkoff X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida. U, shuningdek, ukrain delegatsiyasi bilan muzokaralar 6 va 7 yanvar kunlari davom etishini qo‘shimcha qildi.
Mavzuga oid
10:40
Yevropaning yangi avlod jangovar samolyoti loyihasi to‘xtatildi
10:25
Kiyev va Vashington Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qildi
08:45
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
20:04 / 08.06.2026