Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oq uy: Grenlandiya masalasida armiyadan foydalanish - variantlardan biri
Oq uy bayonotiga ko‘ra, Grenlandiyani sotib olish masalasida AQSh prezidenti Donald Tramp uchun Qurolli kuchlarni ishga solish ham “variantlardan biri” hisoblanadi.
Grenlandiyani sotib olish AQSh milliy xavfsizligi nuqtai nazaridan ustuvor masala bo‘lib, Arktika mintaqasida raqiblarni tiyib turish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. AQSh prezidenti Donald Tramp va uning jamoasi mazkur tashqi siyosiy maqsadga erishish uchun “bir qator variantlar”ni muhokama qilmoqda, shuningdek, Qurolli kuchlarni ishga solish “oliy bosh qo‘mondon ixtiyorida doimo bo‘ladigan variantlardan biri” ekani aytildi. Oq uy seshanba, 6 yanvar kuni shunday bayonot berdi.
Bundan oldin bir qator Yevropa davlatlari, jumladan Germaniya ham, Grenlandiyani anneksiya qilish ehtimoli oqibatlari haqida AQShni ochiq-oydin ogohlantirgan edi. 6 yanvar kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, GFR kansleri Fridrix Mers, shuningdek Italiya bosh vaziri Jorja Meloni, Polsha bosh vaziri Donald Tusk, Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen nomidan e’lon qilingan bayonotda: “Grenlandiya uning xalqiniki. Daniya va Grenlandiyaga daxldor masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish huquqi faqat Daniya va Grenlandiyaga tegishli”, — deyiladi.
Yevropalik rahbarlar ta’kidlashicha, Arktikadagi xavfsizlikni AQShni ham o‘z ichiga olgan NATO ittifoqchilari birgalikda ta’minlashi kerak. Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen AQSh harbiy operatsiyasi yoki Grenlandiya anneksiyasi sodir bo‘lsa, NATOning xavfsizlik tizimi — “demak, Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri ta’minlanib kelgan xavfsizlik ham” barbod bo‘lishidan xavotir bildirdi.
DW’ga bergan intervyusida Grenlandiya suvereniteti uchun kurashayotgan grenlandiyalik siyosatchi Juno Bertelsen “Grenlandiyadagi odamlar amerikalik bo‘lishni istamaydi” va daniyalik ham bo‘lishni istamaydi, deb aytdi. “Biz Grenlandiya mustaqil bo‘lishini va Daniya qirolligiga bo‘ysunuvchi hozirgi siyosiy maqomdan chiqishni istaymiz”, — deya ta’kidladi u.
Mavzuga oid
18:31
AQSh sayyohlik va biznes vizalari uchun tezkor suhbat bo‘yicha pullik xizmatni yo‘lga qo‘yadi
15:12
Amerika biznesi O‘zbekiston loyihalariga qiziqishni kuchaytirmoqda - Saida Mirziyoyeva
13:13
Ho‘rmuz yaqinida AQSh armiyasining «Apache» vertolyoti qulab tushdi
10:25