Jahon | 09:20 / 07.01.2026
3798
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Venesuelaning vaqtinchalik prezidentini qo‘llab-quvvatladi

Venesuelaning sobiq vitse-prezidenti Delsi Rodriges 5 yanvar kuni davlat rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida qasamyod qildi. RF TIV Moskva Venesuela xalqi va hukumati bilan “o‘zgarmas hamjihatlik”da ekanini bildirdi.

Foto: Tian Rui/Presidency of Venezuela/Xinhua/IMAGO

Rossiya AQSh harbiylari tomonidan Venesuelaning sobiq davlat rahbari Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan keyin mamlakat prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan sobiq vitse-prezident Delsi Rodrigesni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. “Rossiyaning Venesuela xalqi va hukumati bilan o‘zgarmas hamjihatligini tasdiqlaymiz. <...> O‘z navbatida, bizga do‘st bo‘lgan Venesuelaga zarur ko‘makni ko‘rsatishni davom ettirishga tayyor ekanimizni bildiramiz”, — deyiladi RF Tashqi ishlar vazirligining seshanba, 6 yanvar kuni TIV saytida e’lon qilingan bayonotida. Hujjatda, shuningdek, Venesuelaga “hech qanday vayronkor tashqi aralashuvsiz, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi kafolatlanishi shart” ekani aytilgan va “yuzaga kelgan vaziyatni deeskalatsiya qilish”ga chaqiriq bor.

Rodriges 5 yanvar kuni parlament (Milliy assambleya) oldida qasamyod qilgan. RF TIVning fikricha, bu qadam Venesuela hukumatining “hokimiyat vertikalini” saqlab qolish, “konstitutsion inqiroz xavflarini bartaraf etish” va “tashqaridan bo‘layotgan ochiqdan ochiq neokolonial tahdidlar hamda qurolli tajovuz” sharoitida mamlakat taraqqiyoti uchun sharoit yaratish borasidagi qat’iyatini namoyon etadi.

Bu — Maduro qo‘lga olinganidan beri Rossiya TIVning Venesueladagi vaziyat haqidagi to‘rtinchi bayonoti. Ilgarigi uch bayonot 3 yanvar kuni — AQSh harbiy operatsiyasi kuni e’lon qilingan edi. O‘shanda Rossiya rasmiylari Amerika tomoni “Bolivar Respublikasiga qarshi qurolli tajovuz harakatini amalga oshirdi”, deb bildirgan. Shu kuni chiqqan ikkinchi va uchinchi bayonotlarda esa TIV Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresning qo‘lga olinishi bo‘yicha “darhol oydinlik kiritish”ni, keyin esa ularni ozod qilishni talab etgan.

Bundan tashqari, 3 yanvar kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Delsi Rodriges bilan telefon orqali suhbat o‘tkazgan. Jumladan, u “qurolli tajovuzga duch kelgan Venesuela xalqi bilan qat’iy hamjihatlik”ni bildirgan.

3 yanvar kuni “Mutlaq qat’iyat” nomli harbiy operatsiya doirasida Nikolas Maduro va uning turmush o‘rtog‘i Siliya Flores AQSh maxsus kuchlarining “Delta” bo‘linmasi tomonidan qo‘lga olingan va Venesueladan olib chiqib ketilgan: avval AQSh Dengiz kuchlarining Guantanamo bazasiga, keyin esa Nyu-Yorkka. U yerda 5 yanvar kuni uning ishtirokida ilk sud majlisi bo‘lib o‘tgan.

AQSh hokimiyati Maduroga “narkoterrorizm”, qurol saqlash va diplomatik pasportlarni sotish bo‘yicha rasmiy ayblovlar qo‘ygan. Xususan, siyosatchi Cartel de los Soles jinoiy guruhini boshqarganlikda ayblanmoqda (bu guruh AQShda avvalroq terroristik deb e’lon qilingan), shuningdek, u rafiqasi, o‘g‘li va hamkorlari bilan birga kokain ishlab chiqarish va tashish bilan shug‘ullanuvchi Kolumbiya guruhlari bilan til biriktirganlikda ham ayblanadi. Maduro bu ayblovlarni rad etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid