Jahon | 09:56 / 07.01.2026
1716
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQSh neft kompaniyalarini Venesuelada ishlashga chaqirdi

AQSh kompaniyalari Venesuelada neft qazib olishga investitsiya kiritishi mumkin, ular “plyus”ga esa foyda yoki kompensatsiyalar hisobiga chiqadi, deb bildirdi AQSh prezidenti.

Foto: Jimmy Villalta/ZUMA/picture alliance

AQShning neft kompaniyalari Venesuelaning neft infratuzilmasini ta’mirlash va modernizatsiya qilishda yordam berishi mumkin, bunga javoban esa Amerika hukumatidan subsidiyalar oladi. AQSh prezidenti Donald Tramp bu g‘oyani dushanba, 5 yanvar kuni NBC News telekanaliga bergan intervyusida bildirdi.

Trampning fikricha, AQSh kompaniyalari Venesuelada neft qazib olishni kengaytirishni nazarda tutuvchi loyihani 18 oy ichida yakunlashi mumkin. Biroq, deb ta’kidladi u, buning uchun “sezilarli miqdorda pul sarflash” talab etiladi. Shunga qaramay, Venesuelaga kirgan konsernlar “keyin bizdan kompensatsiya oladi yoki tushum (daromad) hisobidan qoplab oladi”, dedi Donald Tramp.

Reuters agentligi 5 yanvar kuni xabar berishicha, AQShning eng yirik neft kompaniyalari — Exxon Mobil, ConocoPhillips va Chevron Trampning Venesuelada faoliyatni kengaytirish chaqiruviga javob berishga shoshilmayapti. Ilgari amerikalik o‘yinchilar Venesuela nefti sanoatida katta investorlar bo‘lgan, biroq 2000-yillar o‘rtasida Lotin Amerikasidagi mazkur mamlakat hukumati mahalliy neft sektorini milliylashtirgan. Shundan so‘ng mamlakatda neft qazib olish hajmi o‘zining eng yuqori ko‘rsatkichining uchdan bir qismigacha pasaygan — bunda AQShning javob sanksiyalari ham rol o‘ynagan.

Tahlilchilar Reuters bilan suhbatda amerikalik o‘yinchilarning Venesuelaga qaytishiga, bir tomondan, mahalliy infratuzilmaning yetishmasligi va eskirishi, ikkinchi tomondan esa mamlakatning siyosiy kelajagi bo‘yicha noaniqlik to‘sqinlik qilishi mumkinligini taxmin qilgan. Bundan tashqari, amerikaliklarning Venesuelada bunday ishtirokini huquqiy jihatdan ta’minlaydigan asos hamda AQSh Venesueladagi harbiy operatsiyadan keyin ushbu yo‘nalishda qanday uzoq muddatli siyosat olib borishi ham hozircha ravshan emas.

Reuters yozishicha, AQSh neft sektori kompaniyalari vakillari Venesuela haqida ehtiyotkorona fikr bildirsa-da, investorlar ular mahalliy neft zaxiralariga kirish imkonini qo‘lga kiritib, uni saqlab qolishiga ishonmoqda.

Masalan, Chevron aksiyalari — so‘nggi yillarda Venesuelada ishlashni davom ettirgan yagona yirik kompaniya — 5 yanvar kuni 5 foizga ko‘tarildi. Shu kuni neftni qayta ishlash kompaniyalari Marathon Petroleum, Phillips 66 va Valero Energy aksiyalari 3 foizdan 9 foizgacha qimmatlashdi. Shuningdek, yondosh xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar — Baker Hughes, Halliburton va SLB aksiyalari ham o‘smoqda.

AQShning harbiy operatsiyasi va Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan so‘ng, davlat rahbari vazifasini vaqtincha Delsi Rodriges bajara boshladi (u avval Venesuela vitse-prezidenti bo‘lgan). Ammo mahalliy konstitutsiyaga ko‘ra, vaqtinchalik rahbar 30 kun ichida yangi prezident saylovi sanasini belgilashi kerak. Tramp esa bu sodir bo‘lmasligini aytadi.

“Avval mamlakatni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishimiz kerak. Saylov o‘tkazib bo‘lmaydi”, — dedi Oq uy rahbari NBC News’ga bergan intervyusida.

Rodriges Maduro qo‘lga olingani fonida qilgan bayonotlarida bir tomondan o‘g‘irlab ketilgan rahbarga sadoqatini ta’kidlagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan AQShni “tinchlik va hamkorlik”ka chaqirgan. Tramp esa, o‘z navbatida, Vashington bilan hamkorlik bo‘lmasa, Rodriges “juda katta narx to‘laydi”, deb tahdid qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid