Jahon | 11:48 / 08.01.2026
2192
3 daqiqa o‘qiladi

Litva bosh vaziri: rossiyalik muxolifatchi Volkov Litvada qolmasligi kerak

Litva bosh vaziri Inga Ruginene Aleksey Navalniyning hamkori bo‘lgan Leonid Volkovning RKK asoschisi Kapustin va Ukraina prezidenti ofisi rahbari Budanov haqida aytgan gaplaridan norozi. Litva hokimiyati Volkovning so‘zlari mamlakat xavfsizligiga tahdid soladimi-yo‘qmi - shuni tekshiruvdan o‘tkazmoqda.

Foto: Artem Korotayev/ TASS

Litva bosh vaziri Inga Ruginene shu mamlakatda yashayotgan rossiyalik muxolifatchi Leonid Volkovning “Rus ko‘ngillilar korpusi” (RKK) asoschisi Denis Kapustin va Ukraina prezidenti ofisining hozirgi rahbari Kirill Budanov haqidagi salbiy bayonotlarini keskin tanqid qildi. “Mening shaxsiy fikrimcha, bunday bayonotlarni qabul qilib bo‘lmaydi, bunday odam Litvada qolmasligi kerak”, — dedi Ruginene 7 yanvar, chorshanba kuni.

Bosh vazir Volkov Litvadagi yashash ruxsatnomasidan mahrum qilinishi mumkin bo‘lgan Davlat xavfsizligi departamenti tekshiruvi batafsil o‘tishidan umid bildirdi. Litva hukumati rahbarining aytishicha, u kelgusida ham shunday bayonotlar, ham bunday gaplarni aytishga yo‘l qo‘yadigan odamlardan qochish imkoni bo‘lishiga umid qilmoqda.

Tekshiruvga sabab 5 yanvar kuni Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasining (FBK) sobiq xodimi Anna Tiron tomonidan e’lon qilingan ma’lumot bo‘ldi, u hozir RKKda ishlaydi. U Facebook’da Leonid Volkov unga Denis Kapustinning o‘limi haqidagi xabardan keyin (u paytda uning o‘limi faqat sahnalashtirish ekani hali ma’lum emas edi) yuborgan xabar matnini joylashtirgan.

Ushbu xabarda Volkov Kapustinni “natsik” deb atagan, shuningdek u RKK bilan birga “Budanov degan iflos qishloqi siyosiy texnologning shubhali vazifalarini hal qilgan”ini yozgan.

Keyinroq Volkov yozgan xabaridan afsusdaligini bildirdi. LRT mediakompaniyasiga izohida u neonatsistlar bilan hamkorlik qilish g‘oyasini rad etishini va RFning Ukrainaga qurolli bostirib kirishi uchun barcha rossiyaliklar jamoaviy javobgar, degan da’volarga qo‘shilmasligini aytdi.

Volkov, shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, ommaviy maydonda “hamma ruslar yomon” va “barcha rossiyaliklar aybdor” qabilidagi ritorika yangraganini, bu “jumladan Ukraina prezidenti ofisida ham” uchraganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Volkov bunday pozitsiyani “emotsional jihatdan” tushunishini qayd etdi.

6 yanvar kuni Litva Migratsiya departamenti Davlat xavfsizligi departamentiga Volkovning bayonotlari mamlakat xavfsizligiga tahdid soladimi-yo‘qmi, degan savol bilan murojaat qilgani ma’lum bo‘ldi. Agar maxsus xizmatlar bunday tahdid bor, degan xulosaga kelsa, Volkovning yashash ruxsatnomasi bekor qilinishi mumkin. U Litvada 2019 yildan beri yashaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid