Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Politico: AQSh Ukrainaga kafolatlar haqidagi deklaratsiyani imzolamadi
6 yanvar kuni Parijda bo‘lib o‘tgan “ko‘ngillilar koalitsiyasi” uchrashuvi yakunlariga ko‘ra, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari haqidagi deklaratsiya loyihasidan AQShning aniq (bir ma’noli) qo‘llab-quvvatlashiga doir qoidalar chiqarib tashlangan, deb yozadi Politico.
Politico nashri yozishicha, AQSh vakillari 6 yanvar kuni Parijda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari haqidagi deklaratsiyani imzolashdan bosh tortgan. Nashr o‘z ixtiyorida bo‘lgan bayonotning dastlabki loyihasiga tayanib, Parijdagi uchrashuv ishtirokchilarining yakuniy qo‘shma bayonotidan Vashingtonning Kiyevni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq va bir ma’noli va’dasi chiqarib tashlanganini 6 yanvar, seshanba kuni kechqurun yozdi.
Politico qayd etishicha, imzolangan hujjatda AQShning Ukrainadagi ko‘pmillatli kontingentda ishtirok etishi va Rossiya tomonidan yana harbiy tajovuz bo‘lsa, bu kuchlarni razvedka hamda logistika imkoniyatlari bilan qo‘llab-quvvatlash majburiyatlari haqidagi bandlar yo‘q. Hujjatda faqat “AQShning taklif etilayotgan qo‘llab-quvvatlashi” degan ibora bor, lekin hech qanday tafsilot berilmagan, deb yozadi nashr. Shuningdek, “ko‘ngillilar koalitsiyasi”ning Ukraina bilan uzoq muddatli harbiy hamkorligi haqidagi bandda ham AQSh tilga olinmagan.
Shu orada AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner Parijdagi uchrashuvdan keyin Ukrainaga Rossiya yangi tajovuzini oldini olish bo‘yicha real mexanizmlarga ega “qudratli” xavfsizlik kafolatlarini va’da qildi — “agar Ukraina tinchlik haqida yakuniy kelishuvni tuzsa”.
Maxsus vakil Stiven Uitkoff bilan birga Parijga kelgan Kushner, “to‘g‘ri kelishuv” tuzilsa, RF prezidenti Vladimir Putin urushni qayta boshlamasligiga ishonch bildirdi. Uning aytishicha, Tramp Putin bilan suhbatlariga tayanib shunday xulosaga kelgan.
Parijdagi uchrashuvda “ko‘ngillilar koalitsiyasi”ga kiruvchi davlatlar Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari haqida deklaratsiyani imzoladi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron shunday dedi: “Bugun biz sezilarli ilgarilashga erishdik, bu Parij deklaratsiyasida aks etgan — u barqaror tinchlik uchun ishonchli kafolatlarni taqdim etadi. Ushbu ‘ko‘ngillilar koalitsiyasi’ bayonotida ilk bor birlashmaga kiruvchi 35 davlat, shuningdek Ukraina va AQSh o‘rtasida tezkor yaqinlashuv tan olinadi. Biz ishonchli xavfsizlik kafolatlari haqida gapiryapmiz”.
Makron kelishilgan bandlarni alohida sanab o‘tdi. Ular orasida — AQSh rahbarligida o‘t ochishni to‘xtatishni monitoring qilish, Ukrainani mudofaa uchun uzoq muddatli qurol-yarog‘ bilan ta’minlash, shuningdek kelajakda Rossiya tomonidan qayta hujum bo‘lsa, mamlakatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha majburiy kuchga ega kelishuvlarni qabul qilish ustida ishlash bor.
Bundan tashqari, Kiyev, Parij va London niyatlar deklaratsiyasini ham imzoladi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning so‘zlariga ko‘ra, bu hujjat o‘t ochish to‘xtatilgandan keyin Ukrainada britan, fransuz va boshqa “sherik” qo‘shinlarni joylashtirish uchun “huquqiy asos” yaratadi. “Bu Ukrainaga uzoq muddatda ko‘mak berish bo‘yicha qat’iy majburiyatimizning eng muhim qismi”, — deya Starmer so‘zlarini keltirgan uning ofisi. Starmer, shuningdek, o‘t ochish to‘xtatish rejimi boshlanishi bilan Buyuk Britaniya va Fransiya butun Ukraina bo‘ylab “harbiy markazlar” tashkil etishini hamda “qurol va harbiy texnika saqlash uchun himoyalangan obektlar qurishi”ni aytdi.