Jahon | 08:41 / 09.01.2026
3163
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya: Ukrainadagi xorijiy qo‘shinlar - “qonuniy harbiy nishonlar”

RF TIV vakili Mariya Zaxarovaning aytishicha, Ukraina hududida xorijiy qo‘shinlar va harbiy obektlarni joylashtirish Rossiya tomonidan o‘z xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid sifatida baholanadi.

Foto: Vladimir Pesnya/SNA/IMAGO

Rossiya Ukraina hududida xorijiy harbiy bo‘linmalar va harbiy obektlarni joylashtirishni “xorijiy intervensiya, ya’ni uning xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid” sifatida baholaydi, deya ma’lum qildi RF TIVning rasmiy vakili Mariya Zaxarova. Uning aytishicha, “bunday bo‘linmalar va obektlar Rossiya armiyasi tomonidan qonuniy harbiy nishonlar sifatida ko‘riladi”. Zaxarova bu haqda 8 yanvar, payshanba kuni aytgan.

Shu bilan birga, Zaxarova 6 yanvar kuni Parijda “ko‘ngillilar koalitsiyasi”ga kiruvchi davlatlar Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha deklaratsiya imzolaganini, shuningdek urush yakunlangandan keyin Ukrainada fransuz va britan qo‘shinlari hamda harbiy obektlarni joylashtirish haqidagi uch tomonlama hujjat ham imzolanganini eslatgan.

Kiyev, Parij va London Parijdagi uchrashuvda niyatlar deklaratsiyasini imzolagan. Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning so‘zlariga ko‘ra, bu hujjat o‘t ochish to‘xtatilgandan keyin Ukrainada britan, fransuz va boshqa “hamkor” qo‘shinlarni joylashtirish uchun “huquqiy asos” yaratadi. Britaniya hukumati rahbari yana shunday degan: o‘t ochish to‘xtatish rejimi boshlanishi bilan Buyuk Britaniya va Fransiya Ukraina bo‘ylab “harbiy markazlar” tashkil etadi va qurol hamda harbiy texnikani saqlash uchun “himoyalangan inshootlar”ni barpo qiladi.

The Times nashri ma’lumotiga ko‘ra, Buyuk Britaniya va Fransiya Rossiya bilan tinchlik kelishuvi tuzilgandan keyin xavfsizlik kafolatlari sifatida Ukrainaga 15 ming nafargacha harbiy xizmatchini yuborishni rejalashtirmoqda, Germaniya esa Ukraina yaqinida kuchlarni joylashtirishga tayyor. Nashr ta’kidlashicha, rejalashtirilayotgan kontingent soni “kutilgandan ancha kam”.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Fransiya va Buyuk Britaniya bilan bo‘lgan kelishuvni “juda aniq” deb atagan. Uning aytishicha, Ukraina tomonida allaqachon yetarlicha ma’lumot bor va qaysi davlatlar kelishuvda qatnashishi hamda har biri qanday hissa qo‘shishini bilib bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid