Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada sudlangan fransiyalik Vinate Daniil Kasatkinga almashtirildi
Rossiyada “josuslik ishi” bo‘yicha sudlangan fransuz siyosatshunosi Loran Vinate Fransiyada AQSh so‘roviga ko‘ra ushlab turilgan rossiyalik Daniil Kasatkinga almashtirildi. Payshanba kuni, 8 yanvarda Vinate Fransiyaga yetib kelganini Fransiya Tashqi ishlar vazirligi va mamlakat prezidenti Emmanuel Makron ma’lum qildi.
“Yurtdoshimiz Loran Vinate ozodlikda va Fransiyaga qaytdi. Uning oilasi va yaqinlari his qilayotgan yengillik tuyg‘usini men ham baham ko‘raman. Diplomatlarimizga minnatdorchilik bildiraman”, — deb yozdi Makron X platformasida. TASS davlat axborot agentligi yozishicha, almashinuv amalga oshishi uchun Vinate Rossiya prezidenti Vladimir Putin farmoni bilan afv etilgan.
Kasatkin advokati Frederik Belo esa rossiyalik sportchi o‘tgan tun qamoqdan ozod etilganini bildirgan. Shundan so‘ng Kasatkin samolyotga chiqarilgan va u allaqachon Moskvaga qo‘nib ulgurgan.
Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert, siyosatshunos Loran Vinate Rossiya fuqarosi bilan turmush qurgan. U 2014 yildan beri Shveytsariyadagi nodavlat tashkilot — “Gumanitar muloqot markazi”da (Center for Humanitarian Dialogue) Ukrainadagi tashkiliy faoliyat bo‘yicha maslahatchi lavozimida ishlagan.
U 2024 yil iyun oyida “RF harbiy faoliyati sohasida ma’lumot to‘plash” moddasi asosida, “chet el agenti” sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan holda shunday ma’lumotlar yig‘ganlikda ayblanib hibsga olingan. 2025 yil yozida Vinatega nisbatan yana bir — josuslik moddasi bo‘yicha yangi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. O‘sha yil oktyabrida sud uni uch yil koloniya jazosiga hukm qilib, Rossiya harbiylari haqida ma’lumot to‘plagani va “chet el agenti” sifatida ro‘yxatdan o‘tmaganini ayb sifatida ko‘rsatgan. Dekabr oxirida esa RF tomonidan Vinate ishi bo‘yicha Fransiyaga taklif yo‘llangani haqida xabar berilgan edi.
Rossiyalik basketbolchi Daniil Kasatkin, oldin Moskvadagi MBA-MAI professional klubida o‘ynagan, 2025 yil iyun oyida Parijning Ruassi — Sharl-de-Goll aeroportida AQSh so‘rovi asosida ushlangan. AQSh hukumati uni 2020–2022 yillarda taxminan 900 ta kompaniyaga (jumladan ikki federal muassasaga) shifrlab-qulflovchi dasturlar (ransomware) orqali hujum qilgan hakerlar guruhi faoliyatida ishtirok etganlikda gumon qilgan. Tergovga ko‘ra, Kasatkin tovon puli to‘lash bo‘yicha muzokaralarda hakerlar nomidan qatnashgan. Kasatkin aybini inkor etadi.
Parij apellyatsiya sudi 29 oktyabr kuni uni AQShga ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rovni ma’qullagan, biroq Fransiya bosh vaziri Sebasten Lekornyu uni topshirish to‘g‘risidagi qarorni imzolashdan bosh tortgan.
So‘nggi yillarda Rossiyada bir qator xorijiy fuqarolar hibsga olingan. G‘arb davlatlari Moskvani ulardan G‘arbda hibsda bo‘lgan rossiyaliklarga almashtirish uchun “garov” sifatida foydalanishda ayblab keladi.
Mavzuga oid
08:45
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
22:09 / 08.06.2026
«Gazprom» O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirganini ma’lum qildi
20:34 / 08.06.2026
Xominaiy o‘ldirilgach, Rossiyada Putinni qo‘riqlash uchun yaratilgan kuzatuv tizimi o‘chirib qo‘yildi
18:06 / 08.06.2026