Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tehron Yevropa davlatlarini “ikkiyuzlamachilik”da aybladi
AQSh, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya Eron hokimiyatini namoyishchilarga nisbatan zo‘ravon harakatlar va ularni o‘ldirgani uchun qoralamoqda. Eron hokimiyati esa YeIni “ikkiyuzlamachilik”da, AQShni esa namoyishlarni qo‘zg‘atishda ayblamoqda.
Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya juma kuni, 9 yanvarda, Eronda 13-kun davom etayotgan ommaviy namoyishlar fonida Eron rahbariyatini zo‘ravonlik qo‘llashdan voz kechishga qat’iy chaqirdi. Germaniya federal kansleri Fridrix Mers, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning qo‘shma bayonotida: “Biz Eron xavfsizlik kuchlari tomonidan zo‘ravonlik qo‘llanayotgani haqidagi xabarlardan chuqur xavotirdamiz va namoyishchilarning o‘ldirilishini eng qat’iy tarzda qoralaymiz”, — deyiladi.
Yevropa yetakchilari Eron hokimiyatini o‘zini tiyishga va mamlakat fuqarolarining asosiy huquqlariga rioya qilishga chaqirdi.
“Yevrouchlik”ning qo‘shma bayonotiga javoban Eronning Berlindagi diplomatik missiyasi Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniyani “Eronning ichki ishlariga yovuz aralashuv”da aybladi — ularning maqsadi “zo‘ravonlikni qo‘zg‘atish” ekani aytildi. “Eron xalqiga qarshi uzoq vaqtdan beri noqonuniy iqtisodiy urush olib borayotganlar uning oqibatlari uchun javob berishi kerak”, — deya bildirdi ular. Bu so‘zlar bilan xalqaro sanksiyalar nazarda tutilgani ishora qilindi.
Namoyishlar boshlanganidan beri, Norvegiyadagi Iran Human Righs (IHR) tashkilotining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 51 nafar namoyishchi o‘ldirilgan. Xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlarda yuzlab namoyishchilar yaralangan.
Tashkilot, shuningdek, hozircha joriy raqamlarga kiritilmagan bo‘lsa-da, Tehron, Mashhad va Hamadonda o‘nlab namoyishchilar halok bo‘lgani haqidagi xabarlarni ham tekshirmoqda. “Internet o‘chirilgandan keyin zo‘ravonlik eskalatsiyasi va namoyishchilarning ommaviy o‘ldirilishi xavfi nihoyatda jiddiy”, — deya ogohlantirdi IHR direktori Mahmud Amiriy-Mug‘addam.
Eronning oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy ommaviy namoyishlarni keskin qoraladi. 9 yanvar kuni u namoyish ishtirokchilarini “ig‘vogarlar” va “mamlakatga zarar yetkazayotgan” odamlar deb atadi. “Vayron qilish — ayrim shaxslarning ishi”, — dedi Xomanaiy. Uning qo‘shimcha qilishicha, ular bunday buzg‘unchilikni “faqat AQSh prezidenti xursand bo‘lishi uchun” qilmoqda, bunda u Donald Trampni nazarda tutgan.
Eronning BMTdagi elchisi Amir Said Iravaniy ham Reuters agentligiga ko‘ra, Vashington va Isroil hukumatini “beqarorlashtiruvchi harakatlar”da va “tinch namoyishlarni zo‘ravon vandalizm aktlariga aylantirish”da ayblagan.
AQSh prezidenti Donald Tramp, o‘z navbatida, Eron “katta muammoga duch kelgani”ni aytib, yana harbiy aralashuv haqida ogohlantirdi. “Agar ular avvalgidek odamlarni o‘ldira boshlasa, biz aralashamiz. Bu yerda qo‘shinlar quruqlikka tushadi degani emas, ammo bu — biz ularga eng og‘riqli joyidan juda qattiq zarba beramiz degani”, — deya AFP agentligi Oq uy rahbaridan iqtibos keltiradi.
Mavzuga oid
10:25
Kiyev va Vashington Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qildi
10:10
Jahon chempionati hakami AQShga kiritilmadi
09:45
Sud Trampning viza siyosatiga qarshi qaror chiqardi
09:13