Jahon | 11:03 / 10.01.2026
2158
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: neft kompaniyalari Venesuelaga 100 mlrd dollar sarmoya kiritadi

Donald Tramp rejalariga ko‘ra, yirik neft kompaniyalari Venesuelaga kamida 100 mlrd dollar sarmoya kiritadi. Venesuela neft bozoriga chiqish bo‘yicha muzokaralarni esa faqat AQSh hukumati olib boradi.

Foto: REUTERS

Reuters agentligi xabar qilishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp juma kuni, 9 yanvarda Oq uyda yirik energetika kompaniyalari rahbarlari bilan Venesuela neft sanoatini tiklash masalasini muhokama qilish uchun uchrashdi. Muzokaralar oldidan Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Venesuelaning neft sektoriga kamida 100 mlrd dollar sarmoya kiritish niyati borligini e’lon qildi.

Rejaga ko‘ra, mablag‘larni kompaniyalarning o‘zi kiritadi. Trampning aytishicha, Venesuela neft bozoriga chiqish bo‘yicha muzokaralarni faqat AQSh hukumati olib boradi. “Siz biz bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara qilasiz, siz umuman Venesuela bilan muzokara qilmaysiz, biz siz Venesuela bilan muzokara qilishingizni istamaymiz”, — dedi respublikachilar vakili kompaniya rahbarlari bilan uchrashuvda.

AFP agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, masalani muhokama qilish uchun Oq uyga Chevron, Exxon, Conoco Phillips, Continental, Halliburton, HKN, Valero, Marathon, Shell, Trafigura, Vitol Americas, Repsol, Eni, Aspect Holdings, Tallgrass, Raisa Energy va Hilcorp kompaniyalari vakillari kelgan. Uchrashuvda, shuningdek, AQSh davlat kotibi Marko Rubio va energetika vaziri Kris Rayt ham qatnashgan.

Chevron — Venesuelada ishlash uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yagona xususiy neft qazib oluvchi kompaniya. Chevron direktorlar kengashi raisining o‘rinbosari Mark Nelson Oq uydagi muzokaralarda kompaniya mamlakat neft sektoriga sarmoya kiritishga sodiq ekanini bildirdi. Biroq Reuters ma’lumotiga ko‘ra, yirik neft kompaniyalari hozircha katta xarajatlar va siyosiy beqarorlik sababli Venesuelada uzoq muddatli investitsiya qilishga jur’at etmayapti.

Venesuela rahbari Nikolas Maduro hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin AQSh prezidenti Donald Tramp amalda mamlakatni endi Vashington “boshqaradi”, deb bayonot bergan. 6 yanvar kuni Tramp Venesuelaning vaqtincha hokimiyati AQShga 50 mln barrelgacha neft (bozor qiymati taxminan 2,8 mlrd dollar) topshirishini ma’lum qildi. Oq uy rahbari bu neft sotuvini “shaxsan nazorat qilishi”ni, shu orqali “daromadlar Venesuela va AQSh xalqlari manfaati uchun ishlatilishini kafolatlash”ni va’da qildi.

Energetika vaziri Kris Rayt 7 yanvar kuni AQSh Venesuelaga nisbatan dengiz blokadasini bekor qilishini, ammo uning neft eksporti ustidan nazorat o‘rnatishni rejalashtirayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sotuvdan daromadlar Vashington nazoratidagi hisoblarga tushadi va keyin Venesuela iqtisodiyotini tiklashga yo‘naltiriladi. Raytning ma’lum qilishicha, avval AQSh Venesuela omborlarida saqlanayotgan neftni sotadi, keyin esa “noma’lum muddat” davomida mamlakatda qazib olinayotgan neftni ham sotishda davom etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid