O‘zbekiston | 19:43 / 13.01.2026
3080
2 daqiqa o‘qiladi

Xavflilik darajasi yengil bo‘lgan pirotexnika buyumlariga ruxsat beriladi

O‘zbekistonda xavflilikning I sinfiga kiruvchi pirotexnika buyumlarini (bengal chiroqlari, qarsildoq, tortlar uchun kichik fontanlar) ishlab chiqarish, tayyorlash, olib kirish, tashish, o‘tkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanishga ruxsat beriladi.

Foto: Getty images

«Pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.

Qonunga ko‘ra, pirotexnik tarkibning yonishi (portlashi) yordamida optik, akustik, elektr va boshqa vizual effektlarni hosil qilish uchun mo‘ljallangan qurilmalar pirotexnika buyumlaridir.

Pirotexnika buyumlari ularning xavflilik zonasi, shu jumladan atrof-muhitning zararlanish darajasidan kelib chiqib, xavflilikning I–V sinflariga bo‘linadi.

O‘zbekistonda xavflilikning I sinfiga kiruvchi pirotexnika buyumlarini (bengal chiroqlari, qarsildoq, tortlar uchun kichik fontanlar) jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarish, tayyorlash, O‘zbekiston hududiga olib kirish, tashish, o‘tkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanishga ruxsat beriladi.

Shu bilan birga, xavflilikning II–V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarini ishlab chiqarish, tayyorlash, O‘zbekiston hududiga olib kirish, tashish, jo‘natish, o‘tkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Pirotexnika buyumlarining muomalasi ustidan davlat nazorati Milliy gvardiya, ichki ishlar va bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

O‘zbekistonda pirotexnika buyumlarining noqonuniy aylanmasi va ulardan foydalanganlik uchun katta miqdordagi jarimalar bilan ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilgan, o‘ta og‘ir holatlarda esa jinoiy javobgarlik qo‘llanilishi mumkin.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid