Jahon | 15:08 / 17.01.2026
3534
5 daqiqa o‘qiladi

Ukraina sudi Timoshenko uchun 661 ming yevro garov belgiladi

Sudya Yuliya Timoshenkoga qariyb 661 ming yevro miqdorida garov qo‘llash tarzida ehtiyot chorasini belgiladi. “Batkivshchina” fraksiyasi rahbari Rada deputatlariga “to‘g‘ri” ovoz berish uchun pora taklif qilganlikda gumonlanmoqda.

Ukraina Oliy antikorrupsiya sudi (OAS) juma kuni, 16 yanvarda Oliy radadagi “Batkivshchina” fraksiyasi rahbari Yuliya Timoshenkoga nisbatan 33,3 million grivna ( 660 900 yevro ) miqdorida garov qo‘llash tarzida ehtiyot chorasini belgiladi, deb xabar berdi DW muxbiri. Bundan tashqari, sud Timoshenkoga tergovchi ruxsatisiz Kiyev viloyati hududini tark etishni taqiqladi va 60 nafardan ortiq parlament a’zosi bilan aloqa qilishini chekladi. U, shuningdek, xorijga chiqish pasportlarini topshirishi shart.

Shu tariqa sudya Vitaliy Dubas Ukraina Milliy antikorrupsiya byurosi (UMAB) va Maxsuslashtirilgan antikorrupsiya prokuraturasi (MAP)ning iltimosnomasini qisman qanoatlantirdi. Ushbu idoralar Timoshenkoni “Sluga naroda” fraksiyasi a’zolariga pora taklif qilganlikda gumon qilmoqda. MAP prokurori garov miqdorini 50 million grivna qilib belgilashni so‘ragan edi.

Sud majlisi davomida jinoyat ishiga oid qator tafsilotlar ma’lum bo‘ldi. Xususan, Timoshenko UMAB ilgariroq suhbatning bir qismini ommaga chiqargan deputat kimligini o‘zi aytdi. Gap “Sluga naroda” fraksiyasining milliy xavfsizlik va mudofaa masalalari qo‘mitasidagi vakili Igor Kopitin haqida ketmoqda. Ish materiallarida u “Mazur” taxallusi bilan qayd etilgan.

2025 yil dekabr oyida Kopitin deputatlarni ommaviy sotib olish haqidagi ma’lumot bilan UMABga murojaat qilgan va huquqni muhofaza qiluvchilar topshirig‘iga ko‘ra jinoyatni hujjatlashtirishga kirishgan.

Tergovning asosiy dalili — Kopitin va Timoshenko o‘rtasidagi 12 yanvardagi suhbat audioyozuvlari hisoblanadi. Tasmalarda Timoshenko suhbatdoshiga “ko‘pchilikni yiqitish/yo‘q qilish” istagi haqida gapiradi va huquqni muhofaza qiluvchilar versiyasiga ko‘ra, Kopitin hamda uning guruhidagi ikki nafar xalq deputatiga “Batkivshchina” bilan kelishilgan tarzda qonun loyihalari yoki kadr qarorlari bo‘yicha ovoz berish evaziga har oy 5 ming dollardan taklif qiladi.

14 yanvarga o‘tar kechasi “Batkivshchina” ofisida o‘tkazilgan tintuv vaqtida UMAB xodimlari naqd pul solingan paket, shuningdek turli fraksiyalardan bo‘lgan xalq deputatlarining ovoz berishi haqidagi ma’lumotlarni topgan. Ular fikricha, bu xalq vakillarini tizimli ravishda sotib olish bo‘lganini ko‘rsatishi mumkin.

Timoshenko UMAB e’lon qilgan yozuvlarni “soxtalashtirilgan” deb atadi va bu suhbat “hayotida hech qachon” bo‘lmaganini bildirdi. “Birinchidan, men juda aniq aytmoqchiman: men hech qachon (UMAB yozuvlaridagi kabi — tahr.) bunday so‘zlarni aytmaganman. Bugun esa sudyaga bu audio mutlaqo soxtalashtirilganini isbotlayman”, — dedi Timoshenko OAS majlisidan oldin. Shuningdek, u jurnalistlarga tasmalarda ovozi eshitiladigan ikkinchi deputat kimligini bilmasligini aytgan.

Sud majlisida Timoshenko o‘ziga xos jo‘shqinlik bilan huquqni muhofaza qiluvchilar ayblovlarini rad etgan, biroq Igor Kopitin bilan bir necha bor uchrashganini va parlamentda hamkorlik haqida suhbatlar bo‘lganini tasdiqlagan. “Ammo men hech qachon ovoz berish uchun pul taklif qilmaganman”, — deb ishontirgan u sudya Dubasni sud zalida yuzdan ortiq jurnalist va tinglovchilar kuzatib turgan bir paytda. UMAB uning ofisida topgan ma’lumotlarni esa Timoshenko partiya tomonidan doimiy ravishda ovoz berishlarni tahlil qilish ishlari olib borilishi bilan izohlagan.

Timoshenkoning ko‘p yillik advokati Dmitriy Titarenko MAP prokurori Vitaliy Grechishkinni Timoshenko bilan Kopitin suhbatining to‘liq yozuvini e’lon qilishga va Kopitinni sudga guvoh sifatida chaqirishga undagan. 2011 yildagi “gaz ishi” davrida ham siyosatchini himoya qilgan advokatni, ayniqsa, UMAB xodimlari ishga Timoshenko bo‘yicha o‘sha paytda Kiyevning Pechersk sudi chiqargan, keyin esa Oliy sud tomonidan bekor qilingan ayblov hukmini qo‘shib qo‘ygani xavotirga solgan.

Timoshenko nutqida hozirgi va avvalgi jinoyat ishlarini taqqoslab, oxir-oqibat uni “fashistik rejim” ta’qib qilayotganini aytgan: go‘yoki u rejim uni Ukraina suverenitetini xorijiy korporatsiyalar daxl qilishidan himoya qilishdan to‘smoqchi. “Men qochib yashirinishni rejalashtirmayapman va mamlakatdan bir qadam ham chiqmayman, chunki unda uni kim qutqaradi?” — dedi Rada deputati.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid