Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Beg‘araz qon donorlari soni 300 mingdan 900 ming nafarga yetkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
20 yanvar kuni o‘tkazilgan taqdimotda 2026-2030 yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanishicha, qon mahsulotlariga talab ortib borayotgani inobatga olinib, xizmat imkoniyatlarini kengaytirish va davolash muassasalarining qon hamda qon mahsulotlariga ehtiyojini to‘liq ta’minlashga qaratilgan maqsadli chora-tadbirlari ishlab chiqilgan.
Jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida har ming nafar aholiga qon topshirishlarning (donatsiyalar) sonini 10 tadan 30 tagacha oshirish, jami donatsiyalarning sonini 1 milliontagacha ko‘paytirish orqali tayyorlanadigan qon zaxirasini 150 ming litrdan 450 ming litrga yetkazish, beg‘araz qon donorlarining sonini 300 ming nafardan 900 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan.
Yetakchi xalqaro tajriba asosida qon va uning tarkibiy qismlari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan standart operatsion jarayonlar, xavfsizlik bayonnomalari hamda zamonaviy skrining usullari joriy etiladi. Shu bilan birga, qon xizmati tizimi xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalari oshiriladi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi hamda beg‘araz donorlik harakati qo‘llab-quvvatlanadi.
Qon bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish uchun “ehtiyoj – qayta ishlash – yetkazish” zanjirida jarayonlarni boshqarish tizimi joriy etiladi.
Raqamli platforma doirasida “Qon mahsulotlari elektron hisobini yuritish” axborot tizimi joriy qilinib, qon va uning tarkibiy qismlari harakatini nazorat qilish, shoshilinch tibbiy yordam bilan integratsiyalangan holda buyurtma berish, muassasalarning zaxirasini onlayn monitoring qilish imkoniyati yaratiladi.
Qon bilan ishlash xizmatini moliyalashtirish uchun 2026 yilda 308 milliard so‘m, 2026-2030 yillarda esa sohani takomillashtirishga jami 1,75 trillion so‘m nazarda tutilgani qayd etildi.
Mavzuga oid
17:45 / 01.05.2026
Barcha davlat tibbiyot muassasalari bosqichma-bosqich majburiy litsenziyalanadi
21:00 / 27.04.2026
Olimlar yurak saratonining kam uchrashi sababini aniqladi
09:16 / 25.03.2026
O‘zbekistonda tibbiyot sohasida eng ko‘p korxona qaysi davlatlarga tegishli?
18:01 / 05.03.2026