Jahon | 14:43 / 30.01.2026
5872
2 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen In KXDRni “o‘zgartirish”ga va’da berdi

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakatning 20 ta hududida yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish orqali KXDRni “o‘zgartirish”ga va’da berdi. Bu haqda 30 yanvar, juma kuni davlat agentligi KMTA (KCNA) xabar qildi.

Foto: KCNA/AFP

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, gap tibbiy muassasalar, ko‘ngilochar majmualar va sanoat korxonalarini qurish haqida ketmoqda. AFP agentligi aniqlashtirishicha, o‘zgarishlar mamlakat hududining uchdan bir qismidan ko‘prog‘ida amalga oshirilishi va’da qilingan.

Kim KXDRning janubi-g‘arbidagi Xvanxe-Namdo provinsiyasida qurilish loyihasiga start berdi. “Butun mamlakat bo‘ylab shaharlar va tumanlarning qariyb uchdan bir qismi o‘zgaradi”, — deya ta’kidladi shimoliy koreyalik lider.

Davlat OAV e’lon qilgan tasvirlarda siyosatchi boshqa mansabdorlar bilan birga yer kavlayotgani, yon atrofdagi hayratlangan olomon esa qarsak chalib, Shimoliy Koreya bayroqlarini silkitayotgani ko‘rinadi.

Avvalroq KMTA xabar berishicha, hokimiyatdagi Koreya Mehnat partiyasi (KMP) markaziy qo‘mitasining 28 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida KMPning IX qurultoyiga yuboriladigan delegatlar saylangan. AFP yozishicha, qurultoy besh yildan beri birinchi marta o‘tkaziladi, biroq aniq sana hali tasdiqlanmagan.

Shimoliy Koreya hokimiyati muntazam ravishda mamlakatni “sotsialistik ertak”ka aylantirish rejalari haqida bayonot beradi. Masalan, 2022 yil sentabrida partiya ikki yangi qonun yordamida qishloq joylarda tub (radikal) o‘zgarishlar qilishni maqsad qilgan edi.

Shu bilan birga, KXDRda iqtisodiy inqiroz hukm surmoqda. U, jumladan, yadroviy va raketa dasturlarini rivojlantirgani uchun joriy etilgan xalqaro sanksiyalar, shuningdek qator tabiiy ofatlar sababli kelib chiqqan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid