O‘zbekiston | 15:27 / 06.02.2026
2013
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda venchur fondi tushunchasi qonunchilikka kiritiladi

Poytaxtda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi ishchi guruhining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda venchur va xususiy kapital uchun zamonaviy huquqiy bazani shakllantirishga qaratilgan “Muqobil investitsiya fondlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish masalasi ko‘rib chiqildi.

Foto: Dunyo

“Dunyo” AA xabar berishicha, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yig‘ilishning asosiy mavzusi venchur va private equity (xususiy kapital) bozorini tartibga solishga doir yangi qonun loyihasi bo‘ldi.

Muhokamalarda venchur fondlari vakillari, xalqaro moliya institutlari, kengashga a’zo global kompaniyalar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbariyati ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, qonun loyihasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) bilan hamkorlikda, shuningdek qator ixtisoslashgan kompaniyalar va xalqaro ekspertlar jalb etilgan holda ishlab chiqilmoqda.

Hujjatda private equity va venchur fondlari tushunchalarini qonunchilikka kiritish, xalqaro amaliyotda tan olingan tuzilma va instrumentlarni joriy etish, shuningdek soliq solishda “shaffof” tamoyillarni nazarda tutish rejalashtirilgan.

Ekspertlar fikricha, mazkur qonun qabul qilinishi xalqaro investorlar uchun O‘zbekiston bozorining jozibadorligini oshirishi, shu bilan birga mamlakatda innovatsion ekotizimni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid