Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqanddagi Bibixonim masjidi restavratsiya qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniyat muassasalari infratuzilmasini yaxshilash hamda yangi kreativ maydonlarni tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Unda Milliy restavratsiya institutini tashkil qilish, Samarqand shahridagi Bibixonim masjidini restavratsiya qilish, “Turkiston” yozgi amfiteatrini ta’mirlash loyihalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda aholining 60 foizdan ortig‘i yoshlar ekani, raqamli infratuzilmaning jadal rivojlanayotgani hamda madaniy meros boyligi ushbu sohada “katta sakrash” qilish uchun mustahkam zamin yaratayotgani ta’kidlandi. 2030 yilga qadar kreativ iqtisodiyotning YaIM ulushini 5 foizga yoki 145 trillion so‘mga yetkazish, eksportni 1 milliard dollarga olib chiqish, sohadagi band aholini 500 ming nafardan oshirish maqsad qilingan.
Taqdimotda Toshkent shahrida joylashadigan Kreativ industriya parkining konsepsiyasi ko‘rib chiqildi. Unda yashil bog‘, art-obektlar, xalqaro dasturlash tarmog‘ining Toshkent maktabi, kitob kafesi, sport maydonlari, ijodiy pavilonlar, kovorking markazi va ofislar, kino va video ishlab chiqarish maydonlari, ovoz yozish studiyasi, kreativ industriya kampusi hamda yoshlar va ijodkorlar uchun mehmonxona barpo etiladi. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, Yangi Toshkent hududi va Nukus shahrida kreativ parklar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Yangi Toshkentda kreativ park rezidentlari uchun ijara maydonlari, studiyalar, media va anjuman zallari, tijorat va xizmat ko‘rsatish obektlari joylashtirilsa, Nukus shahrining Istiqlol bog‘idagi mavjud pavilon rekonstruksiya qilinib, ko‘p funksiyali jamoat-madaniyat markaziga aylantiriladi.

Nukusdagi kreativ park loyihasining e’tiborli jihati shundaki, unda O‘zbekistonning “EKSPO-2025”dagi milliy paviloni joylashtiriladi va yonida zamonaviy kutubxona barpo etiladi.
Madaniyat markazlari faoliyati tanqidiy tahlil qilindi. Respublikadagi 800 dan ortiq madaniyat markazining yarmidan ko‘pi ta’mirtalab holatda ekani qayd etildi. Aksariyat madaniyat markazlari haligacha eskicha ishlayotgani, asosan bayram tadbirlarini o‘tkazish bilan cheklanib qolgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, madaniyat markazlarini zamonaviy andoza asosida rivojlantirish bo‘yicha pilot loyiha ishlab chiqilgan. Loyiha Toshkent, Qo‘qon, Buxoro va Samarqanddagi 4 ta markazni qamrab olgan bo‘lib, birinchisi Toshkent shahridagi “Gulshan” madaniyat markazi negizida tashkil etilmoqda. Unda “madaniyat – ta’lim – hordiq – muloqot” zanjiri asosida turli yo‘nalishlaridagi klublar, ustaxonalar, studiyalar va to‘garaklar tashkil etiladi.
Taqdimotda Buyuk Britaniya Qirollik jamg‘armasi maktabi tajribasi asosida Toshkent shahrida An’anaviy san’at oliy maktabini tashkil etish rejalari ham ko‘rib chiqildi.
Ushbu oliy maktab kulolchilik va g‘isht terish, manzarali bezak, yog‘och o‘ymakorligi, arxitekturaviy xattotlik, geometrik va biomorf naqsh yo‘nalishlarida bakalavriat va magistratura dasturlarini amalga oshiradi. Ta’lim ingliz tilida olib boriladi, ikki yillik dastur asosida mutaxassislar tayyorlanadi. 2027 yilda 50 nafar mutaxassis tayyorlash, 2031 yilga kelib, yiliga 80 nafar kadr quvvatiga chiqish rejalashtirilgan.
Shuningdek, taqdimotda Milliy restavratsiya institutini tashkil qilish, Samarqand shahridagi Bibixonim masjidini restavratsiya qilish, “Turkiston” yozgi amfiteatrini ta’mirlash loyihalari ko‘rib chiqildi. Loyihalashtirish va restavratsiya ishlarini YuNeSKO bilan to‘liq kelishilgan holda bajarish zarurligi qayd etildi.
Davlat rahbari kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish nafaqat madaniy, balki iqtisodiy jihatdan strategik muhim ekanini ta’kidlab, belgilangan loyihalarning ijrosini sifatli ta’minlashga ko‘rsatma berdi.
Mavzuga oid
17:45 / 05.06.2026
“AQShga murojaatingizdan xursandmiz” - Sherdor restavratsiyasiga 500 ming dollar ajratildi
17:36 / 05.06.2026
Saida Mirziyoyeva UNEP va GEF rahbariyati bilan uchrashdi
18:49 / 04.06.2026
Saida Mirziyoyeva Global ekologik jamg‘arma Assambleyasida ishtirok etdi
20:37 / 03.06.2026