Jahon | 22:48 / 25.02.2026
4735
2 daqiqa o‘qiladi

Birinchi Ukraina harbiy zavodi Buyuk Britaniyada ish boshladi - Zalujniy

Zavod dron ishlab chiqaradi. Ukraina elchisining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat uchun bu qo‘shma korxona «barqarorlik va uzoq muddatli rejalashtirish imkoniyatini» anglatadi.

Foto: Valerіy Zalujniy / Facebook

Buyuk Britaniya hududida Ukrainaning birinchi dron zavodi ish boshladi. Bu haqda Ukraina elchisi Valeriy Zalujniy ma’lum qildi.

Ishlab chiqarish majmuasi «Ukrspecsystems» kompaniyasiga tegishli. Zalujniy so‘zlariga ko‘ra, muhandislik markazi Ukrainada qoladi, ishlab chiqarish liniyalari esa Buyuk Britaniyaga ko‘chiriladi:

«Ukraina doimiy raketa zarbalari, infratuzilmaning vayron bo‘lishi va ishlab chiqarishlarga tahdid sharoitida jang qilmoqda. Muhandislarimiz bevosita front tajribasidan kelib chiqadigan yechimlarni yaratmoqda. Ular tizimlarni nazariy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra emas, balki haqiqiy jangovar harakatlar natijalariga ko‘ra takomillashtiradi. Shuning uchun Buyuk Britaniyada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish chuqur strategik mantiqqa ega. Bu og‘irlik markazini Ukrainadan ko‘chirish emas. Bu umumiy imkoniyatlarimizni kengaytirish va ishlab chiqarishning uzluksizligini kafolatlaydigan ikkinchi barqarorlik konturini yaratishdir».

Ukraina elchisining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat uchun bu qo‘shma korxona «barqarorlik va uzoq muddatli rejalashtirish imkoniyatini» anglatadi. Buyuk Britaniya uchun esa bu yangi ish o‘rinlari va haqiqiy zamonaviy jangovar harakatlarda sinovdan o‘tgan texnologiyalardan foydalanish orqali o‘z mudofaa sanoatini kuchaytirishdir.

London va Kiyev qo‘shma ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida o‘tgan yilning iyun oyi oxirida ma’lum bo‘lgandi. Shunda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bosh vazir Kir Starmer bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha bu haqda ma’lum qilgandi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid