Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Paramount Warner Bros. Discovery’ni 110 mlrd dollarga sotib oladi
Paramount Skydance kompaniyasi Warner Bros. Discovery’ning kino-biznesini 110 mlrd dollarga sotib olish bo‘yicha kelishuv imzolanganini ma’lum qildi. Bundan oldin, 2025 yil dekabrida tuzilgan bitimdan Netflix striming kompaniyasi chiqqan edi.
Paramount Skydance kompaniyasi Warner Bros. Discovery’ni 110 mlrd dollarga sotib olishini e’lon qildi. “Paramount Skydance Corporation va Warner Bros. Discovery, Inc. bugun Paramount WBD’ni sotib olishiga muvofiq birlashish bo‘yicha yakuniy kelishuv tuzilganini e’lon qildi”, — deyiladi Paramount saytida 27 fevral, juma kuni e’lon qilingan press-relizda.
Kecha Netflix striming kompaniyasi 2025 yil dekabrida tuzilgan Warner Bros. Discovery’ni 82,7 mlrd dollarga sotib olish haqidagi kelishuvdan chiqishga qaror qilgani ma’lum bo‘ldi. Joriy yil fevral oyida Paramount Warner Bros. Discovery’ga kompaniyalarni birlashtirish bo‘yicha yanada foydali shartlarni taklif qilgan. Shundan keyin Netflix aktiv uchun kurashni davom ettirishdan voz kechgan.
Yangi kelishuv shartlariga ko‘ra, Paramount Warner Bros. Discovery’ning muomaladagi har bir aksiyasi uchun 31 dollar to‘laydi va kompaniya qarzlarini o‘z zimmasiga oladi. Bu qarzlar qatoriga Netflix’ga amaldagi birlashish shartnomasi bekor qilingani uchun 2,8 mlrd dollar kompensatsiya to‘lanishi ham kiradi.
Reuters agentligi yozishicha, Paramount va Warner Bros. Discovery direktorlar kengashlari bitimni yakdil ma’qullagan. Kelishuv 2026 yilning uchinchi choragida yopilishi (ya’ni rasman yakunlanishi) kutilmoqda.
Warner Bros. Discovery +ollivudda qariyb 100 yil davomida suratga olingan film va seriallarning ulkan arxiviga bo‘lgan huquqlarga ega. Kompaniya, shuningdek, “+arri Potter”, “Uzuklar hukmdori”, “Taxtlar o‘yini” kabi franshizalarga, HBO Max striming xizmatiga, CNN va Discovery telekanallariga ham egalik qiladi. Paramount bosh direktori Devid Ellison ikki “jahon darajasidagi studiya”ni birlashtirib, kompaniya “tomoshabinlar, hamkorlar va aksiyadorlar uchun yanada kattaroq qiymat” yaratishini bildirdi.
Paramount konglomeratiga 2025 yildan beri AQSh prezidenti Donald Trampga yaqin deb ataladigan Ellisonlar oilasi egalik qiladi. Larri Ellison — ma’lumotlar bazalari va bulutli texnologiyalar bozoridagi asosiy o‘yinchilardan biri bo‘lgan va AQSh hukumati uchun yirik pudratchi hisoblanadigan Oracle texnologik korporatsiyasining asoschisi. Xususan, Oracle Pentagon uchun muhim IT-infratuzilmani yetkazib beradi.
Warner Bros. Discovery’ni sotib olish bo‘yicha yangi bitimni endi antimonopoliya regulyatorlari ma’qullashi kerak. Agar shunday bo‘lsa, Paramount, jumladan, CNN telekanali ustidan nazoratni ham qo‘lga kiritadi. Donald Tramp bu telekanalni bir necha bor o‘zi va ma’muriyati haqida “feyk”lar tarqatishda ayblab kelgan.