Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AES quriladigan hududlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari tasdiqlandi
Talablarga ko‘ra, atom elektr stansiyasini faol tektonik yoriqlar mavjud hududda, yer osti suvlari sathi yuqori bo‘lgan joylarda yoki zilzila ehtimoli 8 balldan yuqori bo‘lgan hududlarda qurishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi (AES) quriladigan hudud va maydonchalarga qo‘yiladigan talablar tasdiqlandi. Shu haqdagi qaror Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan qabul qilinib, Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Qaror atom elektr stansiyasini joylashtirishda hududning geologik, seysmik, gidrologik hamda ekologik xususiyatlarini baholash tartibini belgilaydi. Unga ko‘ra, AES qurilishi uchun maydon tanlashda tabiiy va texnogen xavflar, atrof-muhitga ta’siri hamda aholi xavfsizligi bilan bog‘liq omillar hisobga olinishi lozim.
Qoidalarga ko‘ra, atom elektr stansiyasini faol tektonik yoriqlar mavjud hududlarda, yer osti suvlari sathi yuqori bo‘lgan joylarda yoki zilzila ehtimoli 8 balldan yuqori bo‘lgan hududlarda qurishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, karst jarayonlari keng tarqalgan yoki ekologik qonunchilikka muvofiq taqiqlangan hududlarda ham AES qurilmaydi.
Qarorda atom elektr stansiyasi loyihasini ishlab chiqishda zilzila, suv toshqinlari, kuchli yog‘ingarchilik, ko‘chki, shamol ta’siri kabi tabiiy hodisalar ehtimoli alohida baholanishi belgilangan. Bundan tashqari, AES atrofida joylashgan texnogen xavf manbalari, jumladan portlovchi moddalar omborlari, neft va gaz quvurlari, sanoat korxonalari hamda transport yo‘llari ham hisobga olinishi kerak.
Hujjatga muvofiq, AES loyihasida atrof-muhit monitoringi, radiatsiya tarqalish ehtimoli, suv va tuproqning ifloslanish xavfi ham muntazam nazorat qilinadi. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atrof-muhit holatini kuzatish bo‘yicha monitoring tizimini joriy etishi va uning natijalarini stansiyaning butun faoliyati davomida qayd etib borishi shart.
Shuningdek, hujjatda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda aholini himoya qilish choralarini rejalashtirish tartibi ham belgilangan. Jumladan, evakuatsiya rejalari ishlab chiqilishi, transport kommunikatsiyalari hisobga olinishi hamda AES atrofidagi hududlarda aholi zichligi nazorat qilinishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur talablar atom elektr stansiyasi qurilishi va ekspluatatsiyasi jarayonida radiatsiya xavfsizligini ta’minlash, aholi va atrof-muhitni himoya qilishga qaratilgan. Hujjat talablari buzilgan taqdirda aybdor shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Mavzuga oid
09:10 / 07.06.2026
AES narxi ochiqlandi, yirik pudrat sxemasi fosh bo‘ldi - hafta dayjesti
16:12 / 05.06.2026
AESda ishlab chiqarilgan 1 kWh elektr narxi 1000 so‘mdan past bo‘ladi - Azim Ahmadxo‘jayev
10:59 / 05.06.2026
O‘zbekistonda quriladigan AES qiymati 9,5 milliard dollardan oshmaydi - "O‘zatom" direktori
08:19 / 05.06.2026