Jahon | 10:06 / 14.03.2026
2762
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eronga qarshi Ukrainada sinovdan o‘tgan 10 mingta dronni qo‘llaydi

AQSh Ukrainadagi urush davomida jang sharoitida sinovdan o‘tgan 10 mingta to‘sib qoluvchi dronni Yaqin Sharqqa yubordi. Mamlakat quruqlik qo‘shinlari vaziri Driskollning aytishicha, ularning narxi Eronning Shahed dronlaridan arzonroq.

Foto: AP

AQSh Ukrainadagi urush davomida jang sharoitida sinovdan o‘tgan 10 mingta to‘sib qoluvchi uchuvchisiz apparatni Yaqin Sharqqa yuborgan. Bu haqda quruqlik qo‘shinlari vaziri Deniyel Driskoll 13 mart, juma kuni Bloomberg agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning aytishicha, bu dronlar Eron hujumlarini qaytarish uchun qo‘llanadi.

Gap sun’iy intellekt bilan jihozlangan Merops dronlari haqida ketmoqda. Ular Google’ning sobiq rahbari Erik Shmidtga tegishli Kaliforniyadagi mudofaa korxonasi Project Eagle tomonidan ishlab chiqilgan. 2024 yil yozida Ukraina armiyasi bu dronlarni birinchi bo‘lib qabul qilib olgan edi.

Driskollning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Isroil 28 fevral kuni ertalab Eronga qarshi urushni boshlaganidan so‘ng, Merops dronlari besh kun ichida Yaqin Sharqqa yuborilgan. U bir dona bunday dronning qiymati taxminan 14–15 ming dollar ekanini, yirik buyurtmalarda esa narx 3–5 ming dollargacha tushishini aytdi. Taqqoslash uchun, Bloomberg ta’kidlashicha, Eronning Shahed dronlari kamida bittasi 20 ming dollar turadi.

Shuningdek, AQSh armiyasi Yaqin Sharqda dushman dronlariga hujum qilish uchun mo‘ljallangan, portlovchi moddalar bilan jihozlangan Bumblebee kvadrokopterlaridan ham foydalanmoqda. Ular ham, Merops kabi, Shmidt bilan bog‘liq Perennial Autonomy kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, Ukraina armiyasi tomonidan allaqachon qo‘llangan.

13 mart kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Fox News radiostansiyasi efirida boshlovchi Brayan Kilmid bilan suhbatda uning mamlakatiga dronlardan himoyalanish bo‘yicha Ukraina yordami kerak emasligini aytdi. Amerika yetakchisi shunday dedi: “Biz dronlar haqida boshqalarga qaraganda ko‘proq bilamiz. Aslida, dunyodagi eng yaxshi dronlar bizda”.

Shu bilan birga, 9 mart kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy The New York Times gazetasiga bergan intervyusida, uning mamlakati Iordaniyadagi Amerika harbiy bazalarini himoya qilish uchun to‘sib qoluvchi dronlar bo‘yicha ekspertlar guruhini yuborganini aytgan edi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Vashington bunday yordam bilan Kiyevga 5 mart kuni murojaat qilgan va ukrain jamoasi ertasi kuniyoq yo‘lga chiqqan.

10 mart kuni esa Bloomberg agentligi manbaga tayanib, AQSh Ukrainaga tegishli antidron tizimlarini, jumladan Yaponiya, Janubiy Koreya, Yevropa va Yaqin Sharqdagi bazalarga joylashtirish rejasini ko‘rib chiqqanini xabar qildi. Biroq “muhokamalar keng ko‘lamli hamkorlikka aylanmadi”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid