Jahon | 10:21 / 14.03.2026
1799
3 daqiqa o‘qiladi

Moskvada saytlarning “oq ro‘yxatlari” ishga tushdi

OAV xabarlariga ko‘ra, Rossiya poytaxtida mobil internet uchun shunday ataluvchi “oq ro‘yxatlar” tizimi ishga tushgan. Hozircha Raqamli rivojlanish vazirligi va aloqa operatorlari bu voqealarga izoh bermayapti.

Foto: RIA Novosti

Moskvada mobil internet keng ko‘lamda bir hafta davomida o‘chirib qo‘yilganidan so‘ng, foydalanuvchilar uchun ochiq qoladigan saytlarning shunday ataluvchi “oq ro‘yxatlari” tizimi yana ishlay boshladi. Bu haqda 13 mart, juma kuni, “Kommersant” gazetasi telekommunikatsiya bozoridagi manbalariga tayanib xabar qildi.

Gazeta suhbatdoshlaridan birining aytishicha, avval bu tizim uzilishlar bilan ishlagan yoki umuman ishlamagan, hozir esa “to‘laqonli” ishlay boshlagan. Boshqa bir manba esa “oq ro‘yxatlar” hozircha qisman ishlayotganini aytgan, chunki shaharning ayrim hududlarida bazaviy stansiyalar haligacha o‘chirilgan.

Bu ma’lumotni Forbes jurnalistlariga Raqamli rivojlanish vazirligiga yaqin manba ham tasdiqladi. Har ikki nashr muxbirlari “oq ro‘yxatlar” poytaxtning turli hududlarida, shuningdek metroda ham ishlayotganiga shaxsan ishonch hosil qilgan.

Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi, Roskomnadzor va aloqa operatorlari “oq ro‘yxatlar” joriy etilganini hozircha rasman izohlamagan.

Moskva aholisi 5 martdan buyon mobil internet va mobil aloqaga kirishdagi muammolar haqida xabar bermoqda. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, uzilishlar go‘yoki Ukraina “hujumlar uchun tobora murakkab usullardan” foydalanayotgani sababli “fuqarolar xavfsizligini ta’minlash” uchun kerak.

Aloqa cheklovlari qancha vaqt davom etishi haqidagi savolga u shunday javob bergan: “Qancha zarur bo‘lsa, shuncha vaqt”.

Cheklovlar faqat oddiy foydalanuvchilargagina ta’sir qilmadi. OAV xabarlariga ko‘ra, uzilishlar ayrim davlat xizmatlari ishini ham qiyinlashtirmoqda, jumladan, muvofiqlashtirish uchun yagona raqamli tizimdan foydalanadigan tez yordam xizmati faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Blokirovkalar Rossiya Davlat dumasiga ham ta’sir qilgan — u yerda kamida ikki kun davomida xizmat telefonlarida mobil aloqa ham, parol bilan himoyalangan Wi-Fi tarmoqlari ham ishlamagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid