Turizm | 14:41 / 20.03.2026
1599
2 daqiqa o‘qiladi

Turizm sohasi ishtirokchilariga yangi imtiyozlar beriladi

O‘zbekistonda, xususan Samarqand viloyatida turizmni rivojlantirish maqsadida soha ishtirokchilari uchun qator imtiyoz va subsidiyalar joriy etiladi.

Foto: Kun.uz

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 1 apreldan boshlab mahalliy turoperatorlarga yangi qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etiladi. Jumladan, uch oy davomida jalb qilingan har 1 ming nafar xorijiy turist uchun davlat budjetidan 5 ming dollargacha subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, turoperatorlar tomonidan to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi keshbek sifatida qaytariladi.

Yana bir yangilik sifatida, ijtimoiy tarmoqlarda 5 milliondan ortiq kuzatuvchisi bo‘lgan 50 nafar xorijiy bloger uchun O‘zbekistonga yetti kunlik bepul turpaket taqdim etiladi.

Bundan tashqari, dunyodagi yirik onlayn sayyohlik platformalarida O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilish bilan bog‘liq xarajatlar ham qoplab berilishi belgilangan.

Mazkur chora-tadbirlar mamlakatga xorijiy turistlar oqimini oshirish va turizm sohasini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid