O‘zbekiston | 09:58 / 01.04.2026
2750
2 daqiqa o‘qiladi

Mol-mulkni davlat daromadiga o‘tkazish tartibi soddalashtiriladi

O‘zbekistonda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosi doirasida davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulklar bilan bog‘liq jarayonlar yanada soddalashtiriladi. Yangi tartibga ko‘ra, ayrim avtomototransport vositalari va ko‘chmas mulklar davlat ijrochisining qarori asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri tegishli organ tasarrufiga o‘tkaziladi.

Foto: iStock

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish va samaradorligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 iyuldan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlariga asosan davlat daromadiga o‘tkazilishi nazarda tutilgan avtomototransportlar hamda ko‘chmas mulklar davlat ijrochisining qarori bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi.

Mazkur yangilik mol-mulklarni davlat balansiga qabul qilish jarayonini tezlashtirish, ortiqcha byurokratik bosqichlarni qisqartirish va ijro ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Farmonda sud hujjatlari ijrosi tizimini raqamlashtirish, ish yurituv jarayonlarini elektron shaklga o‘tkazish va davlat ijrochilari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning katta qismini avtomatlashtirish kabi choralar ham nazarda tutilgan.

Bu o‘zgarishlar ijro tizimida shaffoflikni kuchaytirish, jarayonlarni tezkor va samarali tashkil etishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid