Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron Amerikaga «yo‘q» demoqda – hafta dayjesti
Hafta davomida Rossiya prezidenti Putin Xitoyga bordi. Tashrif Rossiya poytaxtiga Ikkinchi jahon urushi davridan buyon amalga oshirilgan eng yirik hujumdan keyin amalga oshirildi. Isroillik radikal vazir G‘azo blokadasini yorib o‘tishga uringan kema faollarini tahqirladi. Eron AQShning boyitilgan uranni topshirish talabiga «yo‘q» demoqda. Quyida haftaning ba’zi muhim voqealarini eslaymiz.
Yadroviy mashg‘ulot
Hafta davomida Rossiya va Belarus yadro qurolini qo‘llash bo‘yicha harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi. O‘tgan yili Rossiya Belarus hududida yadroviy kallaklarni joylashtirgandi. Mashg‘ulotda asosan belaruslik harbiylarning yadro qurolini ishlatishda tayyorgarligi sinovdan o‘tkazilgan. Bu mashg‘ulotlar NATO chegarasidagi davlatda o‘tgani e’tiborga molik.
Yadroviy tayyorgarlik fonida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko «mamlakat Ukrainadagi urushga qo‘shilishga tayyorligini» aytdi: «agar bizga qarshi hujum bo‘lsa, biz ham urushga qo‘shilamiz».
Rossiya urush boshlanganidan buyon ko‘p marta o‘zining yadroviy kuchini ko‘z-ko‘z qildi. Ayniqsa, frontda ishlar yurishmasa, bu ish odatga aylandi. Hozir ham yadroviy qurol Ukraina Rossiya shaharlariga, hatto Moskvaga yoppa hujumlar uyushtirayotgan bir vaqtda sinovdan o‘tkazildi. Kiyev Belarusdagi mashg‘ulotlardan keyin yana bu davlat hududidan hujum bo‘lishidan hayiqib qoldi. Yadroviy mashg‘ulotlar fonida Zelenskiy mamlakatning Belarus bilan chegarasiga borib, Lukashenko va davlatini Ukrainaga hujum oqibatidan ogohlantirdi.
Putin Xitoyga bordi
Amerika prezidenti Donald Trampdan keyin Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Xitoyga bordi. Tramp va Si Jinping dunyo miqyosidagi qarashlarni muhokama qilib, hech qanday shartnoma imzolamagandi. Lekin Putin va Si qirqta hujjat imzoladi. Imzolangan hujjatlar shunchalik ko‘pki, ular orasida «Amur yo‘lbarslarini himoya qilish bo‘yicha» kelishuv ham bor.
Biroq Putin va Si eng asosiy masala – «Sila Sibiri-2» gaz quvuri qurilishi bo‘yicha kelisha olmadi. Pekinga tashrif buyurgan Amerika prezidenti Tramp «Tayvan uchun Xitoy bilan urushmaymiz, ularning mustaqil bo‘lishi bilan ishim yo‘q», degandi. Putin «Rossiya Tayvan mustaqil bo‘lishiga qarshi ekanini» aytib Sini xursand qildi. Shu tariqa Chin raisi bir hafta ichida ham Rossiya, ham Amerika prezidentiga «Tayvan mustaqil bo‘lishiga qarshi ekanini» ayttirib oldi.
Yevropa «Tolibon» bilan gaplashmoqchi
Yevropa Ittifoqi Afg‘onistonda hukumatni qo‘lga olgan «Tolibon» vakillarini Bryusselga taklif qilib, afg‘on muhojirlari masalasini muhokama qilishi kutilmoqda. Bu haqda bir qator yirik nashrlar yozib chiqdi. Uchrashuv amalga oshsa, bu toliblarning Yevropaga ilk rasmiy tashrifi bo‘ladi.
Hozircha tashrif qaysi sanada amalga oshishi aniq emas. Jurnalistlar tanishgan xatda aytilishicha, Yevropa Ittifoqi uchrashuvni «ba’zi a’zo davlatlar iltimosiga ko‘ra» tashkillashtirmoqchi. Lekin bu uchrashuv Yevropa toliblar hukumatini tan olishini anglatmaydi. Uchrashuvda afg‘on migrantlarini o‘z yurtiga qaytarish masalasi muhokama qilinadi.
«Tolibon» hukumatni qo‘lga olganidan keyin imkonini qilib qochib ketgan afg‘onlar Yevropa davlatlaridan ham siyosiy boshpana so‘ragan. Ko‘hna qit’a davlatlari ularni o‘z yurtiga qaytarishda muammoga duch kelmoqda, chunki Afg‘oniston bilan diplomatik aloqa yo‘q. Bundan tashqari, Afg‘onistonga qaytgan qochoqlar tirik qolishiga hech kim kafolat berolmaydi. Shu bois ittifoq amaldagi hukmron kuch bo‘lmish toliblar bilan bu jiddiy masalani muhokama qilmoqchi.
Radikal Ben Gvir
Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvir G‘azo blokadasini yorib o‘tishga uringan navbatdagi kema a’zolarini qo‘lga olish tasvirlangan video e’lon qildi. «Butun Falastin yerlari Isroilga tegishli ekanini» iddao qilib, hatto falastinliklarni haydab chiqarish kerak deb hisoblaydigan radikal kayfiyatdagi bu vazirning videosi hatto Isroilda ham yaxshi qarshilanmadi, Netanyahu uni tanqid qildi.
G‘azoga oziq-ovqat olib borishga uringan faollar Isroil harbiylari tomonidan qo‘lga olinib, qo‘li bog‘langan, yuzi yerga qaratib qo‘yilgan, tahqirlangan va barchasi videoga olingan. Qo‘li bog‘liq odamlar orasidan Isroil bayrog‘ini ko‘tarib yurgan Ben Gvir ibroniy tilida ularni mazax qilgan.
Moskvaga hujum
Ukraina Rossiya poytaxti Moskvaga dron hujumi amalga oshirdi. Bu urushning beshinchi yilida Rossiya poytaxtiga qilingan eng katta hujum bo‘ldi. Shunchaki fakt: Ikkinchi jahon urushidan buyon Moskva bunday jiddiy hujumga uchramagandi. Ukrainlar bir kecha davomida butun Rossiya bo‘ylab 600 taga yaqin dron uchirdi. Bu front chizig‘ida ishlatilayotgan FPV dronlar emas, turli-tuman jiddiy dronlar.
Bu hujumdan keyin Moskva aholisi urushni chinakamiga o‘z tanasida his qildi. Moskvichlar internetga qo‘yilgan cheklovlarni yana tanqid qilishdi, axir hukumat bu cheklovlarni aynan «Ukraina hujumining oldini olish uchun» deb izohlagandi-da. Vaholanki, Ilon Mask Rossiyada Starlink'ni o‘chirishi, keyin Telegram bloklanishi frontda Rossiya uchun jiddiy muammolar tug‘dirgan.
Ukraina jang maydonida kuchlar teng bo‘lmagani sabab turli taktikalarni sinab ko‘rmoqda. Ulardan biri front ko‘z ilg‘amas olishda deb o‘ylayotgan rossiyaliklar urushni o‘z tanasida his qilishini ta’minlashdir. Ya’ni front chizig‘idan imkon qadar uzoqroqqa zarba berish. Bu borada ukrainlar taktikasi ish beryapti, ular hatto Tataristongacha samolyot tipidagi dronlar bilan zarba berishdi. Ukrain dronlari Rossiyaning juda ko‘p olis hududlariga yetib bordi.
Moskvaga amalga oshirilgan hujum ana shu taktikaning eng asosiy qismi bo‘ldi. Chunki poytaxtdagi portlashlar Rossiya uchun jiddiy hujum hisoblanadi. Harbiy jihatdan bu hech narsani o‘zgartirmas, lekin ruhiy jihatdan bu juda jiddiy zarba bo‘ldi. Moskva Hitler armiyasi hujumidan keyin bunday hujumga, umuman hech qanday hujumga uchramagandi axir.
Eron uranni bermaydi
Otasining o‘limidan keyin Eron oliy rahbari etib saylangan Mujtaba Xominaiy hamon omma oldida ko‘rinish bermadi. Aftidan, uning Amerika zarbasidan keyin yaralangani rostga o‘xshaydi. Tehron xavfsizlik sabab uni ko‘rsatmayotgan bo‘lishi ham mumkin. Lekin Xominaiy oxirgi vaqtlarda buyruqlar bera boshlagan ko‘rinadi.
Reuters'ga sizdirilgan xabarda aytilishicha, yangi oliy rahbar mamlakatdagi boyitilgan uranni olib chiqib ketishni taqiqlagan. Vaholanki, AQSh Erondagi urushni tugatishining asosiy sharti sifatida aynan yarim tonnaga yaqin boyitilgan uranni topshirishni talab qilayotgandi. Tramp Eron boyitilgan uranni qo‘shqo‘llab topshirishga roziligini bir necha marta aytib bo‘ldi, lekin Tehrondan berilayotgan bayonotlar Trampning gaplarini rad etmoqda.
Hafta suratlari
So‘zimizni hafta suratlari bilan yakunlaymiz. Har ikki surat ham amerikalik hamkasblarimiz tomonidan olingan. Birinchi suratda Mars sayyorasining noodatiy tasvirini ko‘rishingiz mumkin. NASA'ning kosmik qurilmasi yordamida olingan kadrda qizil sayyora yangi chiqqan oyga o‘xshab ko‘rinadi.

Qurilma Mars atrofidan uchib ketayotganda bu kadrni olgan. Umuman NASA'ga Marsdan minglab yangi suratlar kelib tushgan, tabiiyki, ular eng asosiy kadrlarni ko‘rsatmaydi, lekin shunisiga ham rozimiz. Bu yil amerikalik fazogirlar uchun juda muvaffaqiyatli kechmoqda. Ilon Mask va NASA'dagi daho olimlar insoniyatni borgan sari koinotga yaqinlashtirmoqda.
Ikkinchi rasm Amerikaning Virjiniya shtatidagi harbiylar qabristonida olingan. Amerika armiyasi serjanti yelkasiga qizini ko‘targan ko‘yi qabrlarga mamlakat bayrog‘ini qadab chiqmoqda.

Amerikada 25 mayni xotira kuni sifatida nishonlashadi, har yili bayram arafasida harbiylar qabriga bayroq qadash odatga aylangan. Bu qabristonga juda ko‘p harbiylar ko‘milgan, ularning ko‘pi tabiiyki, urushlarda o‘lgan. Bu surat urush dahshatini ifodalaydi.
Agar mantiqsiz urushlar bo‘lmaganda, mana shu otasining yelkasidagi qizaloq Amerika bayrog‘ini harbiy qabriga qadamagan, munkayib qolgan o‘sha harbiyning qo‘liga bergan bo‘lardi balki... Unutmang, hech bir urush, hech qanday da’vo inson o‘limiga arzimaydi. Vatanni himoya qilish uchun bosqinchiga qarshi urushish bundan mustasno, albatta!
Mavzuga oid
21:00 / 17.05.2026
Tramp Xitoyga bordi, Yamal qo‘lida Falastin bayrog‘i – hafta dayjesti
12:53 / 09.05.2026
Eron hamon otmoqda, Parijda bayram, Madridda xaos - hafta dayjesti
20:43 / 03.05.2026
Tramp Eronda urush tugaganini aytdi - hafta dayjesti
20:08 / 26.04.2026