Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oq uy atrofida otishma chiqdi
Toshkent vaqti bilan yakshanbaga o‘tar kechasi Oq uy yaqinida noma’lum shaxs sumkasidan qurolini chiqargan va o‘t ochgan. AQSh Maxfiy xizmati xodimlari uni otib tashlagan. Otishma vaqtida o‘tkinchi yo‘lovchilardan biri yaralangan.
Brendan SMIALOWSKI / AFP via Getty Images
Amerika nashrlari yozishicha, hujum qilgan shaxs – 21 yoshli Nosir Best bo‘lib, u oldin ham Oq uyga kirishga uringandi.
Bu hodisa Oq uyda Donald Tramp ishtirokidagi tadbirda ro‘y bergan otishmadan bir oy o‘tmasdan sodir bo‘lmoqda.
Oq uy atrofida o‘nlab o‘q ovozlari eshitilgani haqida dastlab CNN muxbirlari xabar berishdi.
ABC telekanali muxbiri Selina Van X ijtimoiy tarmog‘ida o‘q ovozlari eshitilib turgan videoni joylashtirgan. Unda muxbir o‘z telefonida video olayotgan vaqtda otishma boshlangani va u qo‘rqib ketib, yashiringani aks etgan.
Postda u shunday yozib qoldirgan: «O‘q ovozlari eshitilganida men Oq uyning Shimoliy o‘tlog‘ida o‘z ayfonimda ijtimoiy tarmoqlar uchun video olayotgandim. O‘nlab o‘q ovozlari chiqdi. Bizga brifinglar uchun zalga yugurish buyurildi. Hozir shu yerdamiz».
Brendan SMIALOWSKI / AFP via Getty Images
AQSh Maxfiy xizmati vakili CNN telekanaliga ma’lum qilishicha, mahalliy vaqt bilan shanba kuni soat 18:00 da (Toshkent vaqti bilan yakshanbaga o‘tar kechasi soat 03:00) Oq uy kompleksidan tashqarida joylashgan 17-ko‘cha va Pensilvaniya avenyusi kesishmasida o‘q uzilgan.
Noma’lum shaxs nazorat-o‘tkazish punktiga yaqinlashib, sumkasidan to‘pponcha chiqargan va qo‘riqchilarga qarata tartibsiz ravishda o‘t ochgan. Maxfiy xizmat agentlari bunga javoban o‘t ochishgan, qurolli shaxs olingan tan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan.
Otishma vaqtida hududdan o‘tib ketayotgan o‘tkinchi yo‘lovchi ham yaralangan, uning ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda.
Donald Tramp ham bu vaqtda Oq uyda bo‘lgan. Maxfiy xizmat xodimlari orasida yaralanganlar yo‘q.
Trampning o‘zi Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida xodimlarga «tezkor va professional harakatlari» uchun minnatdorchilik bildirdi, shuningdek, otishma keltirib chiqargan shaxsning «zo‘ravonlikka moyilligi» bo‘lgani haqida yozdi.
Hujum qilgan shaxs haqida nimalar ma’lum?
CNN va CBS manbalari xabar berishicha, gumonlanuvchi 21 yoshli Nosir Best ekani aniqlangan, u avval ham Maxfiy xizmat bilan to‘qnashgan, jumladan, 2025 yil iyulida Oq uyga kirishga uringan.
O‘shanda u hibsga olingan, sudda esa unga Oq uy hududiga yaqinlashmaslik majburiyati qo‘yilgan.
O‘tgan yili ushbu hodisalarni tergov qilish jarayonida tergovchilar Best ijtimoiy tarmoqlarda turli bayonotlar bergani, jumladan, o‘zini «haqiqiy» Usama bin Lodin deb da’vo qilgani, shuningdek, Donald Trampga zarar yetkazish istagidan dalolat beruvchi kamida bitta post qoldirganini aniqlagandi.
Shu bilan birga, huquqni muhofaza qilish organlari u o‘zini tajovuzkor tutgan yoki qurol ishlatgan holatlarga duch kelmagan.
Best so‘nggi 18 oy davomida Vashingtonda yashagan.
Trampga suiqasdga urinishlar
Bu voqea Donald Tramp ishtirokidagi tadbirda sodir bo‘lgan otishmadan bir oy o‘tmay sodir bo‘ldi.
Aprel oyi oxirida Washington Hilton mehmonxonasi foyesida o‘q ovozlari eshitilgan, bu vaqtda pastki qavatdagi zalda Oq uydagi Muxbirlar uyushmasining uyushtirgan tadbir bo‘lib o‘tayotgandi.
O‘shanda prezident, birinchi xonim Melaniya Tramp va vitse-prezident xavfsizlik xodimlari tomonidan zudlik bilan zaldan olib chiqilgandi.
Xavfsizlik xizmati xodimlari hujum qilgan shaxsni zararsizlantirgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, uning yonida ikkita o‘qotar qurol va pichoqlar bo‘lgan.
Hujum uyushtirgan shaxs 31 yoshli Koul Tomas Allen bo‘lib chiqdi, keyinchalik unga AQSh prezidentini o‘ldirishga urinish, federal xodimga qurol bilan hujum qilish, shuningdek, og‘ir jinoyat sodir etish maqsadida shtat chegarasidan qurol olib o‘tish ayblovlari qo‘yildi.
Donald Tramp 2024 yilgi saylovoldi kampaniyasi davomida ham bir necha suiqasdga urinishlarni boshdan kechirgandi.
Mavzuga oid
14:18
AQSh tez orada Eron bilan tinchlik bitimi e’lon qilishi mumkin
20:13 / 22.05.2026
Tobora ko‘proq amerikaliklar Trampning iqtisodiy siyosatidan norozi
18:26 / 20.05.2026
3 qurbon va «nafrat jinoyati» - Kaliforniya Islom markazidagi otishma tafsilotlari
18:15 / 20.05.2026